“Yovga ters qaragan musulmon emas!” — maddohlar piyolasini sindirgan shoir
Manba: Sun'iy intellekt asosida tayyorlangan surat
U yuzini ters o'girdi: “Nimaga keldingiz?”
Bu shunchaki e'tiroz emasdi. Bu — butun umri davomida tog'lardek viqorini saqlab kelgan, birovning qoshida sarg'ayish tugul, sovetning “plan”iga ham bo'ysunmagan isyonkor ruhning chorasizlik oldidagi noroziligi edi. Xonada havo tugab borayotgandek, go'yo butun koinotdagi kislorod kimdir tomonidan atayin so'rib olingan. O'zbek she'riyatiga qilichdek keskir misralarni olib kirgan, yolg'on va maddohlikdan iborat qasidabozlikning tomiriga bolta urgan 46 yoshli zabardast shoir Shavkat Rahmon o'lim to'shagida yotar, bir qultum havoga zor bo'lib, saraton degan bedavo dard bilan yakkama-yakka olishmoqda edi.
Foto: Sun'iy intellekt asosida tayyorlangan surat
Zamondoshi Asqar Mahkam xotirlaganidek, ketmonchinikiga o'xshash baquvvat qo'llariga botgan ignalarning son-sanoqsiz izlari tok zangiga o'xshab ketar, o'shlik musavvir polotnosidan boqib turgan burgut nigohlardan asar ham qolmagan. U shafqat tilamasdi, unga taskin ham kerak emasdi. U har qanday soxtalikdan, hatto o'lim oldidagi soxta yupanchlardan ham hazar qilardi.
bu yog'du sinchlari tizilgan dormi?
Munchalar egildi qora gardani...
Shu o'rinda bir savol tug'iladi: qanday qilib Pomir tog'lari etagidan chiqqan, bolaligida qorako'z qo'ylarga ergashib yurgan yigitcha tig'dek shoirga aylandi-yu, nega munofiqlikka, mahalliychilik va jasoratsizlikka qarshi kurashgan inson o'zi umrining so'nggida bir qultum havoga zor bo'lib jon berdi?
G'isht zavodidagi bolalik va rad etilgan orzular
1950-yilning 12-sentyabri. O'sh shahrining “Pomir” mahallasi. Savdogar Rahmonberdi va Oftobxon oilasida dunyoga kelgan Shavkatning bolaligi tog'larning asov shamollari ostida toblanib o'tdi. Ota-onasi oylab yaylovlarda savdo bilan band bo'lar, ro'zg'orning bor yuki qaysar, kamgap, ammo g'ururi osmon qadar baland bolakayning zimmasiga tushardi.
U shunchaki xayolparast shoirtabiat bola emasdi — u mehnatning qadoq qo'llarida o'sdi. 13 yoshida g'isht zavodida ishlab, o'z qo'llari bilan hovlisida imorat tiklagan yigitcha aslida kelajakda o'zbek she'riyatining ham poydevorini o'zgartirishga tayyorgarlik ko'rayotgan edi.
1966-yilda maktabni bitirib, Toshkent davlat universitetiga hujjat topshiradi. Biroq poytaxt eshiklari unga osonlikcha ochilmadi — u ketma-ket ikki yil tanlovdan o'tolmadi. U omadsizlikdan sinmadi, O'shga qaytib gazeta tahririyatida harf teruvchi, musahhih bo'lib ishladi. Aynan shu yerda shoir Tursunboy Adashboyev bilan tanishdi. Matbuotda Moskvadagi Adabiyot institutiga tanlov e'lon qilingach, Shavkat o'z she'rlarini ruschaga qoralama tarjima qilib jo'natdi. Va kutilmaganda: “Siz tanlovdan o'tdingiz, Moskvaga yetib keling” degan telegramma uning uchun dunyo minbarlariga yo'llanma bo'ldi.
Uyg'onib ketaman uyqudan -
Yurakning eng chuqur yerida
Og'riqqa aylangan tuyg'udan.
Men qo'shiq bo'laman daryoday
Yurakning eng chuqur yerida.
Ajoyib kunlarning birida.
Moskva — ulkan qozon. Halima Xudoyberdiyeva, Murod Muhammad Do'st kabi yirik iste'dodlar bilan bir dargohda tahsil olgan Shavkat Rahmon bu yerdan yaltiroq qog'ozlarga o'ralgan shiorlarni emas, balki so'zning haqiqiy vaznini, ta'mini his qilib qaytdi. 1975-yilda u Toshkentga butunlay boshqacha yondashuv — temirdek intizom va murosasiz estetik mezonlar bilan kirib keldi.
“Obshiy vagonning dami chiqdi”
1975-yil. Toshkentga qaytgan Shavkat Rahmon nashriyotlarda ish boshladi. O'sha davrdagi G'afur G'ulom nashriyotining she'riyat bo'limi yosh shoirlar bilan qaynardi. Shavkat Rahmon xonaga quruq she'r emas, o'zining bukilmas prinsiplarini ham olib kirdi. Qutlibeka Rahimboyeva o'z xotiralarida shoirning qanday ulug'vor tiynat egasi bo'lganini eslaydi.
U ayollarni chuqur ehtirom qiladigan, ammo buni doston qilmaydigan kishi edi. Bir kuni nashriyot xonasiga kirgan erkak tanishlaridan biri Qutlibekadan qarz so'raydi. Buni ko'rgan Shavkat Rahmonning rangi o'zgarib, tashqariga otiladi. Ko'p o'tmay koridorda uning qattiq ovozi eshitiladi: “To'rt muchangiz sog', devday bo'lib mushtday qizdan qarz so'ragani uyalmayapsizmi?!” Bu uning tiynati edi — nomardlikni, maydalikni qabul qilolmasdi.
Yana bir voqea. Nashriyotdagi she'riyat shkafini xodimlar poyezd vagonlariga o'xshatishardi. Asl kitoblar “kupe”, o'rtachalar “plaskart”, qofiyabozlikdan iborat xalturalar esa “obshiy vagon”ga taxlanardi. Bir kuni o'sha xalturalar tiqilaverganidan “obshiy vagon” shkafi sinib, qog'ozlar polga sochilib yotgan paytda, navbatdagi qofiyakash she'rlarini ko'tarib kelib qoladi. Shunda Shavkat Rahmon hech ikkilanmay:
“Obshiy vagonning dami chiqib ketgan. Hozircha chipta sotilmaydi”,
deya qochirim qiladi. U adabiyotni chiqindixonaga aylantirmoqchi bo'lganlarni jinidan yoqtirmas edi.
Uning nafrati shu qadar toza ediki, xushomadgo'y va maddoh kimsalar bilan bir havodan nafas olishni ham istamasdi. Bir kuni rahbarlarga tilyog'lamalik qilib kun ko'radigan, hamma joyga poxol to'shab yuradigan yozuvchinamo shaxs ularning xonasida choy ichib ketadi. Shavkat Rahmon Qutlibekadan so'raydi: “Mening piyolamda haligi choy ichdimi?”. “Ha, keyin tuz bilan yuvib keldim” degan javobni eshitgach, indamay qo'lidagi o'z piyolasini “qars” etkizib ikkiga bo'ladi-da, chiqindi idishiga tashlaydi. U riyokorlik bilan bir idishdan suv ichishni ham o'ziga or deb bilardi.
Tabiiyki, tahririyat eshigini tepib kirishga o'rganib qolgan yaltiroq shoirlar bunga chiday olmadi. Unga qarshi hujumlar boshlandi. “Qishloq haqiqati” gazetasida to'shakda yotgan bemor shoir (Anvar Isroilov) nomidan Shavkat Rahmonga qarshi ochiq xat uyushtirildi. Boshqa gazetada uni oshkora “millatchilik”da aybladilar. Yozuvchilar uyushmasida maxsus yig'ilishlar o'tkazilib, uning so'zlaridan, istioralaridan tagma'no axtarishga tushdilar.
Ammo shoir o'z so'zini aytib bo'lgan edi:
orasidan potrab chiqadigan sas,
xohlasam chalaman, xohlamasam yo'q,
qarsak menikidir, sizniki emas.
... Vijdonsiz shoirlar ko'paygan juda,
yurakni so'z bilan yondirguvchi kam,
shuhratni o'ylab so'ylagan
ahmoqqa bermayman qarsagimni ham.
Qul emasman deb o'zimni ishontiraman Lorka
Shavkat Rahmon qullik psixologiyasiga tish-tirnog'i bilan qarshi edi. Kuz oylarida hamma qatori ziyolilarni ham paxtaga, uzum uzishga haydashardi. Hamma bir amallab kunni kech qilsa, u terlab-pishib tushgacha normani (40 chelak uzumni) to'ldirib qo'yardi.
Nega o'zingizni buncha qiynaysiz deyishganda, u shunday degandi:
Qo'yavering, men o'zimni yarim kun ozod his etaman. Yarim kun ixtiyorim o'zimda, qul emasman, deb o'zimni ishontiraman. Bo'lmasa, qanaqa qilib qullikda she'r yozib bo'ladi?
U xuddi o'zi kabi erkinlikni eng oliy qadriyat deb bilgan, ozodlik uchun jon bergan ispan shoiri Federiko Garsia Lorkaga ruhan bog'lanib qolgandi. U Lorkani ruschadan tarjima qilishga or qildi: “O'zbeklar Lorkani o'rislar qanday gapirtirsa, shuni rost ekan deb o'tib ketishmasin”, derdi. U atayin ispan tilini o'rgandi. Kechalari yodlagan ispancha so'zlari tushiga kirib chiqardi. 1986-yilda Ispaniyaga safar qilib, she'rlar tug'ilgan tuproqni his qilib qaytdi.
Shavkat Rahmonning tarjimaga muhabbati do'stlar davrasida o'ziga xos ijodiy tortishuvlarga ham sabab bo'lardi.
Xurshid Davron xotirlaganidek, bir kuni yosh shoirlar orasida tarjima bahsi kelib chiqadi. Xurshid Davron hazillashib: “Men Lorkani sizdan zo'r tarjima qilaman!” deganda, Shavkat Rahmon mutlaqo jiddiy ohangda: “Qo'lingizdan kelmaydi,” deb kesib tashlaydi. Bahsga nuqta qo'yish uchun hakamlikni Usmon Azim o'z bo'yniga oladi: ikki ijodkorga Lorkaning ispan mirshablari haqidagi she'rini tarjima qilish uchun ikki kun muhlat beriladi. Tuni bilan mijja qoqmay ishlagan Xurshid Davron g'alabaga ishonsa-da, hakamning xulosasi qat'iy edi — Shavkatning tarjimasi yaqqol ustun kelgandi.
Ammo bu voqeaning eng e'tiborli jihati g'alabada emas. Oradan bir necha kun o'tib, Shavkat Rahmon Xurshid Davronning yoniga keladi va tarjimadagi bitta so'zni unga berishini so'raydi. U o'z tarjimasidagi “O, jarangdor lo'li shahrim!” satridagi “shahar” so'zi o'rniga raqibining tarjimasidagi “kent” so'zini qadab qo'yishni istagan edi. Butun boshli she'rni bitta so'z qanday mukammal qilishini his etish faqat so'z qadrini bilgan chinakam me'morgagina xosdir.
O gitara, sho'rlik gitara,
beshta xanjar sanchilgan yurak!
“Jez otliq” qahri va turkiylar
1980-yillarning o'rtalariga kelib sovet imperiyasining parchalanish talvasasi boshlandi. Adabiyot endi jiddiy kurash maydoniga aylandi. Erkin Vohidov muharrirligidagi “Yoshlik” jurnali she'riyat bo'limiga Shavkat Rahmonning kelishi adabiyotda “xaltura”ga qarshi oshkora urush e'lon qilinishi edi. Shavkat Rahmon asarlarida endi shunchaki tabiat in'ikoslari emas, balki ikki yuz yillik mustamlaka zanjirlarining jarangi, millatning fojiasi yaqqol ko'rinish bera boshladi.
U imperiyaning dahshatli timsoli sifatida “Jez otliq” (Pyotr I) obrazini yaratdi. Ikki yuz yildan beri ellarni xarob qilgan, Turon zaminini toptagan bu bosqinchi haykalga qarata u shunday qahr bilan xitob qildi:
ozmi tojlarini uzatgan yurtlar,
o'z qonin simirib chirigan erlar,
baylangan hurlar-u talangan durlar.
Tuyoqlar yanchmagan nimalar qoldi,
aytarmi qaytadan tiritgan yodlar,
Turonday sarg'aymish ot peshobidan
quturgan ayg'irning jilovini tort,
ikki yuz yildirki ellar boshida
tuyog'ini qayrar bu dahshatli ot...
She'r juda o'tkir va ochiqcha yozilgan. Uni o'qir ekansiz ichingizda bir alanga paydo bo'lmay qolmaydi. E'tibor bering, otliqning quturgan ayg'iri shunchalar ifloski, uning peshobidan hatto muqaddas kitoblar, Turonning azaliy bilimlari sarg'ayib, rasvo bo'ldi. Bu har qanday mudroq shuurga musht urganday bo'lishi turgan gap. Shoir bu zolim “zobitning” og'ir boshini qachondir To'marislar qon dengiziga otishini (jazolanishini) bashorat qiladi.
Jez otliq o'zini uradi har yon —
mash'um saltanatning sohibqironi,
chayqalar bo'g'ilgan bir bahri faryod,
bo'riday ergashar el intiqomi. …
Sahroda ko'rinar tag'in To'maris,
tag'in bir qo'zg'atar sabr toshini,
otar bu zobitning og'ir boshini…
U millatni, parchalab tashlangan Turkistonni bir butun holda ko'rishni orzu qilardi. Rahmon Qo'chqor bilan 1995-yilda qilgan suhbatida u shunday deydi: “Atigi besh-o'n yil ilgari mafkurachilar Turkiston g'oyasini o'lik g'oya deb targ'ib qilardilar... Xitoy bilan Rossiya oralig'ida pirovard natijada har tomonlama rivojlangan... yagona siyosiy makonning barpo bo'lishidan hammamiz manfaatdormiz”.
Inson aqlibovar qilmaydigan adolatsizlik... She'rga, so'zga, o'zbek tiliga hududsiz kenglik va osmondek toza havo olib kirgan isyonkor o'z umrining so'nggida... havosiz qoldi.
1995-1996-yillarda Shavkat Rahmonni rak (qizilo'ngach saratoni) o'z domiga tortdi. Bo'ydor, baquvvat, qiyofasi qadimiy toshbitiklarni eslatuvchi alp shoir kasalxona to'shagida erib, bir burda bo'lib qoldi.
Eng og'riqli kunlar. 1996-yil mart. Rossiya Dumasi sobiq ittifoqni qayta tiklash bo'yicha harakatlar qilayotgan kunlar. Palatada jon talashayotgan shoirni Nabijon Boqiy va Rahmon Qo'chqor ko'rgani kelishadi. Shavkat Rahmon ham aynan sobiq ittifoqni tiklash haqidagi gaplarni rafiqasi bilan gaplashib o'tirgandi.
Shoir mehmonlarga qarab, mushtlarini tugib shunday deydi: “Agar mustaqillikni qurol bilan himoya qilish zarur bo'lsa, men ko'ngilli bo'lib jangga jo'nayman... O'g'lim ham boradi... Sizlar ham borasizlar... Bir yuz-u o'ttiz yildan so'ng qo'lga kiritilgan mustaqilligimizni osonlikcha berib qo'ymayyiz”. Tanasi yemirilib ketgan, ammo ruhi po'latdan qattiq jangchi so'nggi nafasigacha chekinmadi.
Shoir umrining so'nggigacha she'r yozdi. Eng oxirgi she'rlarini xotini Manzura opaga pichirlab aytib yozdiradi:
... boring, qorli tog'larga:
1996-yilning 2-oktyabr sahari. Xudoning keng hovlisida yotgan burgutning nafasi to'xtadi.
U vafot etdi. Poytaxtning Qorasuv dahasi motamga botdi. Onasi qon yig'lab, o'g'lini O'shga, u doim sog'ingan Pomir tog'lari etagiga olib ketmoqchi bo'ldi. Ammo qizlari va yaqinlarining ra'yi bilan Toshkentning Yalang'ochota qabristoniga dafn etildi.
Bugun afishalarda ismlari yaltirab turgan, minbarlarda mikrofonni yutib yuborgudek ehtiros bilan she'r o'qiyotgan (Shavkat Rahmon ta'biri bilan aytganda “irillab she'r o'qiydigan”), bir necha unvon-u ordenlar taqib olgan maddohlarni ko'rganingizda, o'sha Yalang'ochotadagi jimjit va oddiy qabrni eslash kifoya.
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar?!
Qilichin tashladi beklar nihoyat,
urhoga o'rgangan tillarda oyat,
turkiylar tanidi komil Xudoni.
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar do'stlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.
sajdaga bosh qo'ydi yovga ters qarab,
g'ullarni kemirib yig'ladi itlar,
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.
Turkda bosh qolmadi… qolmadi dovlar.
xotin-xalaj qoldi motam ko'tarib,
“bizga tik qarama” buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.
Talandi samoviy tulpor uyuri,
ters qarab o'ling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o'zlarin qarg'ab,
tug'ingiz dedi yov teskari qarab,
yovlarga ters qarab tug'ildi bari.
qirqida qirilgan — imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
Jo'mardlar qirilgan Turonzaminda
do'zaxiy tajriba pallasin ko'rdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
qay birida to'ng'iz kallasin ko'rdim.
Bu holdan buvaklar bo'g'ilib o'lar,
qul Bilol ezilib yig'lar falakda…
O'zlarin yondirar borliqdan to'ygan
Badaxshon la'liday asl malaklar.
Mo'minlar besh bora Allohni eslar
sajdaga bosh qo'yib jallod toshiga.
O'grilib sal ortga qarayin desa,
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,
bormi gul bag'ringda jo'mard nolalar,
bormi bul tufroqda o'zligin izlab,
osmon-u falakka yetgan bolalar.
bir boshga bir o'lim demagan ermas,
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Manba: Daryo.uz




