O'zbekistonga telefon importi yarim yilda 25,4 foizga oshdi

O'zbekistonga telefon importi yarim yilda 25,4 foizga oshdi

Manba: Bojxona qo'mitasi

2026-yil I yarmida O'zbekistonga 2,35 mln dona mobil telefon import qilindi. Qurilmalar umumiy qiymati 477 mln dollarni tashkil etgan, deb yozadi Statistika qo'mitasi.

Tahlilga ko'ra, olti oylik import hajmi 2025-yil mos davriga nisbatan 477,53 ming donaga (25,4 foizga) o'sgan. Chetdan xarid qilingan har bir mobil telefon narxi o'rtacha 202 dollardan to'g'ri kelgan.

Eng ko'p mobil qurilmalar Xitoydan sotib olingan — 1,81 mln dona. Bu umumiy importning qariyb 77 foizini tashkil etadi.

Qolgan telefonlar Vyetnam (462 mingta), Hindiston (39,6 mingta), Koreya (28,84 mingta) va boshqa davlatlardan (11,54 mingta) xarid qilingan.

Avvalroq Bojxona qo'mitasi mas'uli IMEI tizimi joriy etilgani yuqori samara berganini aytgandi. Masalan, 2025-yil yanvar—oktyabr oylarida telefonlar importidan davlat byudjetiga 1 trillion so'm boj undirilgan.

“Ikki yil oldin telefonlar importidan yiliga atigi 500 milliard so'm boj undirgan edik. Hozir 10 oyda 1 trillion pul undirildi. Davlat byudjetiga tushum deyarli ikki baravar o'sdi”, degan qo'mita boshqarma boshlig'i Farhod Olimjonov.

Hozirda fuqarolar shaxsiy ehtiyoji uchun chet eldan O'zbekistonga aeroport orqali ming dollargacha, poyezdlarda 500 dollargacha, avtomobilda 300 dollargacha tovarlarni bojsiz olib kira oladi. Qiymat bundan o'tsa, oshgan qismiga boj to'lanadi.