Ilon Mask Tramp bilan yarashib, respublikachilar uchun kamida 100 mln dollar sarflamoqchi — WSJ

Ilon Mask Tramp bilan yarashib, respublikachilar uchun kamida 100 mln dollar sarflamoqchi — WSJ

Manba: Getty Images

Ilon Mask va Donald Tramp o'tgan yilgi keskin mojarodan keyin yana aloqalarni tiklagan. Milliarder endi 2026-yilgi oraliq saylovlarda respublikachilarni qo'llab-quvvatlash uchun kamida 100 mln dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Nashrga ko'ra, Tramp va Mask hozir taxminan oyiga bir marta gaplashib turadi. Ularning suhbatlarida sun'iy intellekt, Xitoy va xalqaro voqealar muhokama qilinadi. Biroq Tramp yaqinlariga Mask bilan munosabatlari avvalgidek bo'lmasligini aytgan.

Ikki tomon o'rtasidagi yaqinlashuvga AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Donald Tramp kichik va boshqa umumiy tanishlar ham yordam bergan. WSJ ma'lumotiga ko'ra, konservativ faol Charli Kirk ham o'limidan oldin ularni yarashtirishga uringan.

Mask may oyida Tramp bilan Xitoyga safar vaqtida yana iliq muloqot qilgan. O'sha suhbatda u 2026-yil noyabrdagi Kongress oraliq saylovlarida respublikachilarga yordam berishini bildirgan.

Milliarder o'zi 2024-yilda tuzgan America PAC siyosiy qo'mitasiga mablag' yo'naltirib, muhim shtatlarda respublikachi saylovchilarni uchastkalarga jalb qilish kampaniyasiga kamida 100 mln dollar sarflashni rejalashtirgan. Reuters iyul oxirida ushbu kampaniya hajmi 100–120 mln dollar bo'lishi mumkinligini yozgandi.

America PAC 2025-yil boshidan beri 52,3 mln dollar sarflagan va 50,3 mln dollar mablag' jalb qilgan. Reuters ma'lumotiga ko'ra, mablag'ning deyarli barchasi Maskning o'zidan kelgan.

Mask va Tramp nega janjallashgan edi?

Ularning munosabatlari 2025-yil iyunida Tramp ma'muriyatining soliq va davlat xarajatlari bo'yicha qonun loyihasi ortidan keskin yomonlashgandi. Mask hujjat davlat qarzini oshirishini tanqid qilgan, Tramp esa uning kompaniyalari oladigan davlat imtiyozlari va kontraktlarini qayta ko'rib chiqish bilan tahdid qilgandi.

Mojaro vaqtida Mask Trampni keskin tanqid qilgan va hatto yangi siyosiy partiya tuzish g'oyasini ilgari surgandi. Keyinchalik u bu rejadan voz kechib, respublikachilarni qo'llab-quvvatlashga qaytgandi.

Mask 2024-yilgi saylov siklida Tramp va boshqa respublikachilarni qo'llab-quvvatlash uchun qariyb 300 mln dollar sarflagan va AQSH tarixidagi eng yirik individual siyosiy donorlardan biriga aylangan.

Hozirgi yaqinlashuv ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishi mumkin. Respublikachilar noyabrdagi oraliq saylovlarda Kongressdagi ko'pchilikni saqlab qolishga urinmoqda. Demokratlar Vakillar palatasida ko'pchilikni qo'lga kiritsa, Tramp ma'muriyati, uning oilasi va Mask kompaniyalari bilan bog'liq qator tekshiruvlarni boshlashni rejalashtirgan.