“Interstellar” emas: Metyu Makkonahi qaysi film unga katta daromad keltirganini aytdi
Gollivud yulduzi Metyu Makkonahi “Happy Sad Confused” podkastida 2003-yilda chiqqan “Garovdagi muhabbat” romantik komediyasi uchun eng katta gonorar olganini aytdi. Aktyorning so'zlariga ko'ra, film unga hanuzgacha pul keltirayotgan daromad manbayi bo'lib qolmoqda.
“Garovdagi muhabbat” — men suratga tushgan romantik komediyalar ichida eng sevimlisi. Uni juda ko'pchilik yaxshi ko'radi. Film hanuzgacha menga boshqa barcha filmlarimga qaraganda eng katta gonorar olib keladi. Farq juda katta”, deydi aktyor.
Foto: “Garovdagi muhabbat” filmidan
Aktyorning aytishicha, DVD davrida va filmlar kabel televideniyesida namoyish etilgan paytlarda bu to'lovlar, ayniqsa, katta bo'lgan. Har yili mart oyida filmga qiziqish oshgani sababli u mo'maygina pul olgan.
“Garovdagi muhabbat” filmida Makkonahi muvaffaqiyatli reklama mutaxassisi rolini ijro etgan. U istalgan ayolni 10 kun ichida o'ziga oshiq qila olishiga garov o'ynaydi. Buning uchun jurnalist qizni tanlaydi. Ammo u qizning ham o'ziga xos vazifasi borligini bilmaydi — u ham erkakni 10 kun ichida o'zidan voz kechishga majbur qilishi kerak.
Film rejissyori Donald Petri bo'lgan. Makkonahining partnyorini Keyt Hadson ijro etgan. Film aktyor romantik komediyalarda faol suratga tushgan davrda ekranlarga chiqqan. Uning boshqa shu janrdagi filmlari qatorida “To'y tashvishlari”, “Muhabbat va ko'ngilsizliklar” hamda “Ahmoqlar oltini” bor.
Foto: “Bizning so'nggimiz” filmidan
Aktyor, shuningdek, “Bizning so'nggimiz” serialida Joel rolini ijro etish taklifini jiddiy ko'rib chiqqanini ham aytdi. Biroq oxir-oqibat bu taklifni rad etgan. Uning so'zlariga ko'ra, ssenariy juda yaxshi bo'lgan, ammo o'sha paytda u yozuvchilik va prodyuserlik faoliyatiga e'tibor qaratmoqchi bo'lgan va serialga bir necha yil vaqt ajratishni istamagan.
“Bizning so'nggimiz” seriali
Manba: Daryo.uz




