Banklarda valyuta oldi-sotdisi rekord darajada o'sdi
Manba: “Daryo” / Farrux Aliyev
2026-yil yanvar—iyul oylarida O'zbekistondagi banklarda qariyb 71,2 mlrd dollar qiymatdagi chet el valyutalari oldi-sotdi qilindi. Bu haqda Markaziy bank ma'lumot berdi.
Bunday yuqori qiymat yaqin uch yillikning dastlabki yetti oylik davrlarida kuzatilmagan. Regulyator pul bozorida xorijiy valyuta taklifi talabdan ko'ra tezroq o'sayotganini qayd etgan. Biroq taklif hajm jihatdan talabdan orqada qolyapti.
Valyuta talabining oshishi
Yetti oy davomida aholi va korxonalar banklardan 38,2 mlrd dollar sotib olgan. Bu ko'rsatkich 2025-yil mos davriga nisbatan 5,7 mlrd dollarga (17,7 foizga) oshgan. Jumladan, yuridik shaxslar 30 mlrd dollar, jismoniy shaxslar 8,2 mlrd dollar ekvivalentida chet el valyutalari xaridini amalga oshirgan. Mazkur raqamlar oxirgi uch yillikning mos davrlari ichida eng yuqorisi hisoblanadi. Masalan, 2024-yil yanvar—iyulda korxonalar 21 mlrd dollar, aholi esa 5,4 mlrd dollar sotib olgan. 2025-yil mos davriga kelib, biznes subyektlari 26 mlrd dollar, fuqarolar 6,5 mlrd dollar ekvivalentida chet el valyutalari xarid qilgan.
Valyuta taklifi talabdan tez o'sgan
Yanvar—iyul oylarida aholi va korxonalar banklarga 33 mlrd dollar qiymatdagi xorijiy valyutalar sotgan. Bunda taklif qiymati 2025-yilning dastlabki yetti oyidagiga qaraganda 7,2 mlrd dollarga (28 foizga) o'sgan. Xususan, banklarga aholi 14,6 mlrd dollar, korxonalar 18,4 mlrd dollarlik valyutalar sotuvini amalga oshirgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning ilk yetti oyida biznes subyektlari 12,5 mlrd dollar, fuqarolar 8,65 mlrd dollar sotgan. 2025-yil mos davriga kelib tadbirkorlar 14,7 mlrd dollar, aholi tomonidan esa 11,1 mlrd dollar sotilgan.
Infografika: Markaziy bank
Almashuv kursi mustahkamlangan
Yetti oy davomida O'zbekistonda valyuta ayirboshlash kursi 11 910 — 12 320 so'm/AQSH dollari diapazonida tebrangan.
“Hisobot davri yakunlariga ko'ra, milliy valyuta AQSH dollariga nisbatan qariyb 0,4 foizga mustahkamlandi”, deyiladi regulyator tahlilida.
Yanvar—iyul oylarida valyuta almashuv kursi tebranuvchanligi o'rtacha 32 so'mni (0,27 foizni) tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil mos davrida mazkur ko'rsatkich 28,2 so'mga (0,22 foiz) teng bo'lgan.
O'zbekistonda xorijiy valyutalar taklifiga ta'sir qiluvchi muhim kanallardan biri migrantlar tomonidan chet eldan yuborilayotgan mablag'lar hisoblanadi. Markaziy bank 2026-yil I yarmida mamlakatga xorijdan pul o'tkazmalari hajmi 9,3 mlrd dollarga yetganini ma'lum qildi. Mazkur ko'rsatkich 2025-yil mos davriga nisbatan 1,1 mlrd dollarga (13 foiz) o'sgan.
Manba: Daryo.uz




