O'zbekistonga xorijdan pul o'tkazmalari geografiyasi: qaysi davlatlardan tushumlar ko'paydi?

O'zbekistonga xorijdan pul o'tkazmalari geografiyasi: qaysi davlatlardan tushumlar ko'paydi?

Manba: “Daryo” / Farrux Aliyev

2026-yilning I yarmida O'zbekistonga xorijda ishlayotgan migrantlar tomonidan 9,3 mlrd dollar yuborildi. Markaziy bank olti oylik pul o'tkazmalari 2025-yil mos davriga nisbatan 1,1 mlrd dollarga ortganini (13 foiz) ma'lum qildi.

Qaysi davlatlardan tushumlar o'sdi?

O'zbekistonga migrantlar yuboradigan pul oqimining katta qismi (78-80 foiz atrofida) Rossiya hissasiga to'g'ri keladi. Lekin regulyator federatsiyadan o'tkazilgan milliardlab dollarlar haqidagi raqamlarni ochiqlashni lozim topmagan. Qolgan 20 foiz atrofidagi tushumlar qaysi mamlakatlardan kelgani bilan cheklanilgan.

Infografika: Markaziy bank

Qayd etilishicha, olti oyda Buyuk Britaniyadan o'tkazmalar eng yuqori darajada o'sgan — 62 foiz. Ya'ni ushbu mamlakatda ishlayotgan muhojirlar 2025-yil I yarmida 89 mln dollar jo'natgan bo'lsa, joriy yilning yarmidagi jo'natmalar miqdori 144 mln dollarga yetgan.

Keyingi o'rinda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan tushumlar 251 mln dollardan 319 mln dollarga (27 foizga) ko'paygan. AQSHda mehnat qilayotgan vatandoshlar esa o'tgan yilning yarmida 313 mln dollar yuborgan, joriy yilning olti oyida 372 mln dollar jo'natgan. Bunda o'sish 19 foizni tashkil etgan.

O'z navbatida Qozog'istondan tushumlar 366 mln dollardan 469 mln dollarga, Koreyadan 282 mln dollardan 314 mln dollarga ortgan. Turkiyadan esa o'tgan yilning yarmida 266 mln dollar yuborilgan bo'lsa, 2026-yil yarmida 303 mln dollar kelgan.

Markaziy bank tushumlar ortishiga migrantlar ishlaydigan an'anaviy mamlakatlarda (Rossiya va Qozog'iston — tahr.) ishchi kuchiga talab va ish haqlari yuqori darajada saqlanib qolgani asosiy omil ekanini qayd etgan. Shu bilan birga, pul o'tkazmalari o'sishiga milliy valyuta kurslari mustahkamlanishi ham ta'sir qilgani bildirilgan.

Pullarning ko'p qismi kartadan kartaga jo'natilgan

Yarim yil davomida kelib tushgan mablag'larning 4,8 mlrd dollari (51,7 foizi) jismoniy shaxslar bank kartalariga to'g'ridan to'g'ri (P2P) yuborilgan. Qolgan 4,3 mlrd dollar (46,7 foizi) an'anaviy xalqaro pul o'tkazma tizimlari orqali, yana 142 mln dollar (1,6 foizi) bank o'tkazmasi orqali amalga oshirilgan.

Foto: “Daryo” / Farrux Aliyev

Chet elda ishlayotgan o'zbekistonliklar qancha?

Hisob-kitoblarga ko'ra, dunyoning 40 ga yaqin davlatida taxminan 1,4 mln nafar O'zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Ularning eng ko'p qismi Rossiyada — 834,2 ming nafar. Qolgan ayrim davlatlardagi fuqarolar soni quyidagicha:

Qozog'istonda — 84,4 ming nafar;

Turkiyada — 72,1 ming nafar;

Janubiy Koreyada — 46,4 ming nafar;

Yevropa mintaqasi davlatlari – 258 ming nafar;

Boshqa davlatlarda – 97,7 ming nafar.

Markaziy bank xorijdagi migrantlarning 398,9 ming nafari (28,6 foiz) xotin-qizlar, qolgan 402,1 ming nafari (28,9 foiz) yoshlar ekanini qayd etgan. O'zbekistonliklarning MDH davlatlaridagi ulushi 29 foizga kamaygan bo'lsa, Yevropa mintaqasida 42 foizga, Sharqiy Osiyo mintaqasida 26 foizga ortgan.

Qo'shimcha qilinishicha, yarim yil davomida O'zbekistondan chet elga 1,3 mlrd dollar yuborilgan. Mazkur ko'rsatkich 2025-yil mos davriga nisbatan 8 foizga (100 mln dollar) ko'p.

Avvalroq O'zbekistonga migrantlar jo'natgan pullar miqdori besh yilda uch baravar o'sgani xabar qilingandi.