Zidanning birinchi yurishi: afsonaviy darvozabon Fransiya terma jamoasida ish boshladi

Zidanning birinchi yurishi: afsonaviy darvozabon Fransiya terma jamoasida ish boshladi

Manba: Getty Images

Fransiya terma jamoasining afsonaviy darvozaboni Fabian Bartez “uchranglilar”ning Zinedin Zidan boshchiligidagi murabbiylar shtabi tarkibidan joy oldi. 55 yoshli mutaxassis milliy jamoa darvozabonlari murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Fransiya futbol federatsiyasining rasmiy saytida xabar berildi.

Avvalroq Fransiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib Zinedin Zidan tayinlangandi. Aynan u Bartezning jamoaga qaytishini qo'llab-quvvatlagan.

Biroq Bartezning tayinlanishi bir muddat savol ostida qoldi. Bunga uning zarur murabbiylik litsenziyasiga ega emasligi sabab bo'lgan. Xabarlarga ko'ra, Bartez Zidanning shtabida rasman ishlashi uchun litsenziya olish jarayonini tezlashtirilgan tartibda o'tagan.

Bartezdan tashqari murabbiylar shtabidan David Bettoni, Hamidu Msaidi, Gregori Dyupont, Stefan Plank, Farid Tabet va Kleman Iber ham joy oldi.

Bartez uchun bu milliy jamoa bilan ishlashdagi ilk tajriba emas. U 2010-yilda ham Fransiya terma jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat yuritib, darvozabonlar tayyorgarligiga mas'ul bo'lgan.

Shunga qaramay, 2007-yilda futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin Bartez murabbiylik bilan deyarli shug'ullanmadi. Endi esa sobiq darvozabon mamlakat bosh jamoasi bilan yana ishlash imkoniyatiga ega bo'ldi.

Bartez o'z avlodining eng sovrindor futbolchilaridan biri hisoblanadi. U terma jamoa safida 1998-yilgi Jahon chempionati, 2000-yilgi Yevropa chempionati va Konfederatsiyalar Kubogida g'olib chiqqan.

Klub miqyosida esa fransiyalik futbolchi “Marsel” bilan Chempionlar Ligasida g'olib bo'lgan, “Manchester Yunayted” safida ikki marta Angliya chempionligini qo'lga kiritgan va “Monako” bilan ikki bor Fransiya chempioni bo'lgan. Bartez Fransiya terma jamoasi safida 87 ta uchrashuv o'tkazgan.