“Arsenal” “Aston Villa” himoyachisini sotib olmoqda — Sky Sports
Manba: Getty images
Londonning “Arsenal” klubi “Aston Villa” himoyachisi Ezri Konsaning transferi bo'yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Sky Sports nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, londonliklar Angliya terma jamoasi futbolchisi uchun 51 million funt sterling to'laydi. Shartnomada turli bonuslar ham ko'zda tutilgan. Avvalroq “Aston Villa” 28 yoshli himoyachi uchun 60 million funtdan ortiq mablag' talab qilgan edi.
Qayd etilishicha, Ezri Konsa “Aston Villa”dagi jamoadoshlari bilan xayrlashishga ulgurgan. Himoyachi 20-avgust kuni tibbiy ko'rikdan o'tadi. Shundan so'ng transfer rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.
Ma'lumot o'rnida, Konsa o'tgan mavsumda Angliya Premyer Ligasida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urishga muvaffaq bo'lgan. Shuningdek, u 2026-yilgi Jahon chempionatida Angliya terma jamoasi safida 8 ta o'yin o'tkazib, 1 ta gol muallifiga aylangan hamda inglizlar bilan mundialning bronza medaliga ega chiqqan edi.
Manba: Daryo.uz




