Karim Benzema faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettirishi mumkin — manba
Manba: Getty images
Turkiyaning “Trabzonspor” klubi hujum chizig'ini Karim Benzema bilan kuchaytirish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda. Klub vakillari “Al-Hilol” forvardining atrofidagilar bilan bog'lanib, ehtimoliy transferning moliyaviy shartlari haqida ma'lumot olgan. Bu haqda Goal nashri xabar berdi.
Turkiyalik jurnalist Yag'iz Sabunjuo'g'lining yozishicha, Benzema trabzonliklarning dastlabki tanlovi bo'lmagan. Klub avvaliga Darvin Nunyesni o'z safiga qo'shib olishga harakat qilgan, biroq ushbu transfer bo'yicha kelishuvga erisha olmagan. Shundan so'ng “Trabzonspor” bor e'tiborini 38 yoshli fransiyalik hujumchiga qaratgan. Hozircha tomonlar o'rtasida rasmiy muzokaralar boshlangani yoki aniq transfer taklifi yuborilgani haqida ma'lumot yo'q.
Eslatib o'tamiz, Benzemaning “Al-Hilol” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha mo'ljallangan. Transfermarkt portali 2022-yilgi “Oltin to'p” sohibining bozor qiymatini 5 million yevroga baholamoqda.
Ma'lumot o'rnida, fransiyalik hujumchi joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida ikkita uchrashuvda ishtirok etib, o'z hisobiga bitta gol yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
Manba: Daryo.uz




