Roberto Karlos islom dinini qabul qilgani haqidagi xabarlarni rad etdi
Braziliyalik sobiq futbol yulduzi Roberto Karlos marokashlik Suxayla at-Tohiriy bilan turmush qurgach, islom dinini qabul qilgani haqida tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritdi.
Avvalroq Turkiya matbuotida 53 yoshli Karlos bundan qariyb bir oy muqaddam Braziliyadagi musulmonlar idorasi vakili shayx Jihod Hamada bilan uchrashib, Shahodat kalimasini keltirgani va musulmon bo'lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mish-mishlarning yanada avj olishiga Turkiya parlamenti deputati Ali Shahinning X (sobiq Twitter) tarmog'idagi posti sabab bo'ldi. Deputat San-Pauluda shayx Jihod Hamada bilan ko'rishganini, uchrashuvda shayx Karlos azaldan islomga qiziqib kelgani hamda to'rt hafta oldin uning huzuriga kelib, islomni qabul qilganini aytganini yozib qoldirgan edi.
Karlos Saudiya Arabistonining Okaz nashriga bergan intervyusida ushbu ma'lumotlarni inkor etdi.
“Men islom dinini qattiq hurmat qilaman. Rafiqamning namoz o'qiyotganini ko'rish menga o'zgacha huzur bag'ishlaydi. Ammo islomni qabul qilganim haqidagi gap-so'zlar mutlaqo yolg'on”, deydi braziliyalik futbolchi.
Shuningdek, u turli shubhalarga sabab bo'lgan to'y marosimi haqida ham to'xtalib o'tdi:
“Biz to'yni har ikki tomonning urf-odatlari va qadriyatlariga moslab o'tkazishga harakat qildik. Qarindoshlarim katolik bo'lgani sababli ularning e'tiqodiga mos marosim qildik. Shu bilan birga, rafiqam hamda uning musulmon do'stlari uchun ham alohida bayram tashkil qilib berdik”.
Ma'lumot o'rnida, 53 yoshli Roberto Karlos “Real” tarkibida uch karra Chempionlar Ligasi g'olibiga aylangan. Shuningdek, u Madrid klubi bilan birga to'rt marta Ispaniya chempionatida, uch marta Ispaniya Superkubogida, ikki marta Qit'alararo kubokda va bir bor UEFA Superkubogida zafar quchgan. Braziliya terma jamoasi safida Roberto Karlos Jahon chempioni (2002-yil) va ikki karra Amerika Kubogi sohibi (1997, 1999-yillar) bo'lgan.
Manba: Daryo.uz




