Avtohalokat sabab tugatilgan sport, “Million”dan olingan 500 dollar va u haqda tarqalgan soxta videolar: vayner Bonu Ikromova blogerlikdagi hayoti haqida

Avtohalokat sabab tugatilgan sport, “Million”dan olingan 500 dollar va u haqda tarqalgan soxta videolar: vayner Bonu Ikromova blogerlikdagi hayoti haqida

“Mittivayn” jamoasi a'zosi, ijtimoiy tarmoqlarda Bonu taxallusi bilan tanilgan vayner Mehriniso Ikromova YouTube kanallaridan biriga intervyu berdi. U suhbat davomida avtohalokatdan so'ng sport murabbiyligidan ketishga majbur bo'lgani, ilk olgan gonorari miqdori hamda taniqli inson bo'lishning ijobiy va salbiy tomonlarihaqida so'zlab berdi.

Bloger Bonu Ikromova qaysi yo'nalishda o'qishni tamomlagan?

Foto: Instagram

— Yunus Rajabiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika kollejining sport murabbiyligi yo'nalishida o'qiganman. Ma'lumotim o'rta. Tahsil olgan soham bo'yicha bir qancha vaqt ishlaganman.

Nima uchun o'zbek jang san'ati bo'yicha murabbiylikni davom ettirmagansiz?

— 2021-yilda yo'l-transport hodisasiga uchraganman. Jiddiy jarohatlanganim tufayli 15 kun qimirlamay yotishimga to'g'ri kelgan. Baxtsiz hodisadan so'ng ham biroz vaqt murabbiylik qildim. Kichik bolalarga baqirishingiz, ularni nazorat qilib, mashg'ulotlarni olib borishingiz kerak. Bolakaylarning shovqini sabab keyinchalik boshim ko'proq og'rishni boshladi. Shundan so'ng murabbiylikni to'xtatganman. To'rt yil murabbiylik qilganman. Yuzdan ziyod shogirdlari bor edi. Ishimni yaxshi ko'rardim, ammo salomatligim sabab undan ketishimga to'g'ri kelgan.

San'atga qachondan qiziqa boshlagansiz?

— Bolaligimdan san'atga qiziqqanman. Bog'cha va maktabda o'tkaziladigan tadbirlarda boshlovchi bo'lardim, raqsga ham tushardim. Ammo oilamdan san'atkorlar chiqmagan.

Vayner “Mittime” jamoasiga qanday qo'shilgan?

— Bu jamoa tarkibiga qo'shilish tarixim qiziq bo'lgan. Guruhga qo'shilishimdan bir kun avval bir do'stim bilan aynan shu mavzu haqida gaplashganmiz. Shunda u “nima uchun seni 'mittime'lar jamoalariga chaqirishmaydi”, deb so'ragan. Ertasi kuni Ulug'bek Shodibekovning o'zi qo'ng'iroq qilib, bitta kontentda qatnashib ko'rishimni taklif qilgan. Avvaliga bittagina videoda suratga tushish uchun bormayman, deb taklifni rad etdim. Shunda Ulug'bek aka “siz avval keling, biz bilan ishlab ko'ring. Siz bizga, biz ham sizga to'g'ri kelsak, balki hamkorlikda ishlashni davom ettirarmiz”, degan. Borganman, suratga tushgan birinchi videomning o'ziyoq ko'p “prosmotr” to'plagan.

Milliy gvardiyada ham ishlaganmisiz?

— “Askar qizlar” degan ko'rsatuvga borganman. Ko'rsatuv tugaganidan so'ng u yerda ishlashni taklif qilishgan, lekin ishlamaganman. Chunki u yerda birinchidan, erkaklar juda ko'p edi. Ikkinchidan, u joyda ishlash uchun issiqni issiq, sovuqni sovuq demasligingiz kerak. Balki, mas'uliyatdan qo'rqqandirman. Qolaversa, davlat ishi men uchun emas. Lekin bu sohaga ham qiziqardim. Qiziqqanim uchun ham o'zimni sinab ko'rganman.

Qaysi videongiz mashhur bo'lib ketishingizga sabab bo'lgan?

— “Qamalgan kelin” haqidagi vaynimiz Instagram'da qisqa vaqt ichida mashhur bo'lib ketgan. Aynan shu vayn meni ko'plab muxlislarga tanilishimga sabab bo'ldi.

Qamalgan kelin rolini o'ynashingizda oilangiz tarafidan qarshiliklar bo'lmaganmi?

— Bo'lmagan. Chunki bu mavzuda video olinayotganini oyimga aytmaganman. Hatto o'zim ham rolim qandayligini boshida bilmaganman. Deyarli har doim shunday: nima rolligini borgandan so'ng bilaman. Shunchaki nima aksessuarlar kerak bo'lsa, shularni o'zim bilan olib boraman, xolos. Ba'zan rolni ijro etayotgan paytda ham to'liq ssenariy qandayligini bilmay, video tayyor bo'lganidan so'ng bilaman.

Ilk gonoraringiz qancha bo'lgan va uni nimaga sarflagansiz?

— Birinchi gonorarimni “Million” jamoasidan 500 dollar olganman. Ammo bu pullarni nimaga sarflaganimni, to'g'risi, eslolmayman. Kundalik xarajatlarga sarflab yuborgan bo'lsam kerak.

Lekin “Mittivayn” jamoasi bilan gonorar ishlashga kelishmaganmiz. Ular faqat blogimni yuritishga yordam berishlarini, yuqori daromadga chiqishimga ular sababchi bo'lishsa, xursand bo'lishlarini aytishgan.

Media olamining vakilasi bo'lishning plyus va minus tomonlari qaysilar?

— Plyus tomonlariga misol aytadigan bo'lsam, juda ham ko'pchilik sizni yaxshi ko'rishadi. Bu narsani his qilish ham bir baxt aslida. Salbiy tomonlariga kelsak, ularning eng yomoni tuhmat. U nafaqat media olamida, balki hayot davomidagi ham duch kelinishi mumkin bo'lgan narsa. Shuning uchun ham “o't balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asragin” deyishmas ekan.

Menga sun'iy intellekt orqali ishlangan qanaqadir 18+ video bilan tuhmat qilishgan. Shundan buyon shaxsiyimga bir kunda uch mingga yaqin shu haqdagi savollar keladi. O'zining manfaati, arzimagan pullar uchun nafaqat meni, balki boshqa bloger qizlarning nomusiga qaratilgan mana shu kabi har xil tuhmat videolarini tarqatish rivojlandi. Yillar davomida insonlarning mehrini qozonib kelarkansiz-u, keyin bitta tirraqi shuncha yillik to'plagan obro'yingizni bir tiyin qilarkan. Yemagan somsaga pul to'lash og'riqli bo'lar ekan, deydi Bonu Ikromova.