Shomurodovdan gol, Fayzullayevdan assist: “Bashakshehir” yangi mavsumni ishonchli g'alaba bilan boshladi (video)

Shomurodovdan gol, Fayzullayevdan assist: “Bashakshehir” yangi mavsumni ishonchli g'alaba bilan boshladi (video)

Turkiya Superligasining 1-turi doirasida “Bashakshehir” o'z maydonida “Kojaelispor”ni qabul qildi. Uchrashuv Istanbul klubining 2:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvning dastlabki qismidayoq mezbonlar hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. 14-daqiqada o'zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayevning uzatmasidan so'ng Kristofer Operi darvozani ishg'ol qildi — 1:0. Ikkinchi bo'limda ham faollikni yo'qotmagan istanbuliklar yana bir bor raqib darvozasiga yo'l topdi. 72-daqiqada O'zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Olsenning uzatmasini golga aylantirib, oradagi farqni ikkitaga oshirdi — 2:0.

E'tiborlisi shundaki, “Bashakshehir” sharafini himoya qilayotgan har ikki o'zbekistonlik futbolchi uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. 51-daqiqada hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolangan Abbosbek Fayzullayev 63-daqiqada Yusuf Sari bilan almashtirildi. O'z hisobiga gol yozdirib qo'ygan Eldor Shomurodov esa 75-daqiqada o'rnini Davye Selkega bo'shatib berdi.

Ushbu g'alabadan so'ng “Bashakshehir” dastlabki turdayoq muhim 3 ochkoni qo'lga kiritib, turnir jadvalida 2-pog'onadan joy oldi. Musobaqa jadvalida peshqadamlik o'z uchrashuvini yirik 3:0 hisobida yakunlagan “Amedspor” jamoasiga nasib etib turibdi.

Turkiya Superligasi, 1-tur

“Bashakshehir” — “Kojaelispor” 2:0

Gollar: 1:0 — Operi (14), 2:0 — Shomurodov (72).