Sobiq Oq uy xodimi FIFA rahbariga qarshi tanqidlarni Trampga qilingan hujumlarga qiyosladi — Al Jazeera
Nyu-York shahrining sobiq meri Rudi Jilianining o'g'li hamda Jahon chempionati bo'yicha Oq uy ishchi guruhining ijrochi direktori Endryu Jiliani qiyin ahvolda qolgan FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo'llab-quvvatlab, uning tanqidchilarini hasadgo'ylikda aybladi.
Ayni paytda Infantinoni qayta saylanishini qo'llab-quvvatlashdan bosh tortganlar qatorida UEFA, KONKAKAF va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK), shuningdek, Angliya, Uels, Irlandiya va Yangi Zelandiya futbol federatsiyalari bor. E'tiborli jihati, tashkilot ulushini sotib olishi mumkin bo'lgan potentsial investorlar qatorida Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi Joshua Kushner ham bor edi.
Endryu Jilianining ta'kidlashicha, Infantinoga qaratilgan bosimlarning asl sababi — siyosat va maydakashlikdir.
“Bu shunchaki siyosat. Men buni avval ham, xususan, siyosiy nuqtai nazardan prezident Trampni nishonga olishganida ko'rganman. Odamlar doim yuqori natijalarga erishgan shaxslarga hasad qilishadi. Janni Infantino tashkilotni mutlaqo yangi, ko'pchilik hatto imkonsiz deb o'ylagan darajaga olib chiqdi”, deydi Jiliani The Athletic nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, Jiliani sportning bugungi kundagi holatiga to'xtalib, tijoratlashuv odatiy holga aylanganini qo'shimcha qildi:
“Barchamiz insonmiz, tan olish kerakki, sport tijoratlashib, pul ishlash manbaiga aylanib ulgurdi. Men shuni aytgan bo'lardimki, Jannining butun faoliyatiga baho berish va u har doim o'z tashkilotini yaxshilashga intilayotganini tushunish kerak. Uning qanday ishlarni amalga oshirganiga qarab, aynan shu inson FIFA'ga rahbarlik qilishda davom etishini xohlagan bo'lardim”.
Ma'lumot uchun, Infantino Jahon chempionati va boshqa FIFA turnirlarining tijoriy huquqlarini himoya qiladigan yangi “FIFA Forward Enterprise” (FFE) tuzilmasining qariyb 20 foiz ulushini xususiy investorlarga sotish rejasi tufayli keskin tanqidlarga uchragan edi. Garchi u noroziliklar fonida bu g'oyasidan voz kechgan bo'lsa-da, mazkur mojaro uning kelgusi yilgi saylovlardagi imkoniyatlarini pasaytirib yubordi.
Manba: Daryo.uz




