Portugaliyadagi nufuzli turnirda 19 yoshli velosportchi halok bo'ldi
Manba: Getty Images
Britaniyalik velosportchi Finli Tarling “Volta Portugaliya” ko'p kunlik velopoygasining sakkizinchi bosqichi vaqtida yo'l-transport hodisasida olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi.
19 yoshli sportchi pelotonga qarama-qarshi yo'nalishda harakatlanayotgan avtomobil bilan to'qnashib ketgan. U hodisa joyida vafot etgan.
Tashkilotchilar ko'p kunlik velopoygani vaqtincha to'xtatishga qaror qildi. Turnirning keyingi taqdiri hozircha noma'lum.
Ma'lumot uchun, “Volta Portugaliya” turniri 1927-yildan buyon Portugaliyada har yili o'tkaziladigan ko'p bosqichli shosse velopoyga musobaqasidir. Velosport olamida uchta nufuzli Grand turdan (“Jiro de Italiya”, “Tur de Frans” hamda “Vuelta Ispaniya”) keyingi eng uzoq davom etadigan bosqichlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u dunyodagi eng qadimgi ko'p bosqichli velopoygalar qatorida turadi. Turnir ikki hafta davom etadi.
“Volta Portugaliya” uchta Grand tur kabi nufuzli bo'lmasa-da, uzoq yillar davomida muhim musobaqalardan biri bo'lib kelgan. Biroq so'nggi yillarda uning ahamiyati pasayib bormoqda. Bunga, ayniqsa, musobaqaning “Tur de Frans” hamda “Vuelta Ispaniya” turnirlari oralig'ida o'tkazilishi sabab bo'lmoqda. Bunday taqvim yirik jamoalar va kuchli velosportchilarning musobaqada ishtirok etish imkoniyatini cheklaydi.
Manba: Daryo.uz




