Superliga. “So'g'diyona” o'z maydonida “Qizilqum”ni mag'lub etdi, “Buxoro” yirik hisobda “Neftchi” ustidan g'alaba qozondi

Superliga. “So'g'diyona” o'z maydonida “Qizilqum”ni mag'lub etdi, “Buxoro” yirik hisobda “Neftchi” ustidan g'alaba qozondi

Manba: Kollaj/“Daryo”

Futbol bo'yicha O'zbekiston Superligasining 18-tur uchrashuvlari doirasida qiziqarli o'yinlar bo'lib o'tdi.

“So'g'diyona” — “Qizilqum”

Turning ilk o'yinida Jizzaxning “So'g'diyona” jamoasi Navoiyning “Qizilqum” klubini qabul qildi.

Birinchi bo'limning 39-daqiqasida mezbonlar hisobni ochdi. Jizzaliklar hujumchisi Lyupcho Doriyev raqib darvozasini ishg'ol qildi. Ikkinchi bo'limning dastlabki daqiqasida “Qizilqum” jamoasi hujumchisi Otabek Jo'raqo'ziyev muvozanatni tikladi. 74-daqiqasida mezbonlar yana hisobda oldinga chiqib oldi. Zabihillo O'rinboyevning uzatmasidan so'ng bosniyalik hujumchi Zenan Zaymovich raqib darvozasiga aniq zarba berdi. — 2:1.

Ushbu g'alabadan so'ng “So'g'diyona” 24 ochko bilan turnir jadvalida 8-o'ringa ko'tarildi. “Qizilqum” esa 20 ochko bilan 11-o'rindan joy olgan.

“So'g'diyona” 19-tur doirasida mehmonda “Neftchi” bilan bahs olib boradi. “Qizilqum” esa Qarshining “Nasaf” jamoasiga qarshi o'ynaydi.

O'zbekiston Superligasi, 18-tur

“So'g'diyona” — “Qizilqum” 2:1

Gollar: 1:0 — Doriyev, (34), 1:1 — Jo'raqo'ziyev (53), 2:1 — Zaymovich (74).

Turning qiziqarli o'yini Buxoroda bo'lib o'tdi. Unda “Buxoro” jamoasi Farg'onaning “Neftchi” klubi bilan bahs olib bordi.

Birinchi bo'limning 37-daqiqasida Sherzod Esanov penaltidan gol urib, mezbonlarni hisobda oldinga olib ochdi. Taym yakunida mehmonlar hisobni tenglashtirdi. Yovovichning uzatmasidan so'ng “Neftchi” himoyachisi Nurmahammad Abdug'aniyev boshi bilan gol urdi. Ikkinchi bo'limning dastlabki daqiqasida Sherzod Esanov Botirali Ergashev qo'riqlayotgan darvozani ishg'ol qilib, dubl muallifiga aylandi. 73-daqiqada Shahboz Jo'rayev hamda Javohir Ro'ziyev kombinatsiyasini Temur Mamasidiqov muvaffaqiyatli yakunladi va farqni ikkitaga oshirdi. O'yinga qo'shib berilgan daqiqaning ikkinchisida “Buxoro” hujumchisi qo'shib Vladimir Rodich o'yinning yakuniy nuqtasi qo'yib, jamoasining yirik hisobda g'alaba qozonishiga zamin yaratdi — 4:1.

Ushbu g'alabadan so'ng “Buxoro” 33 ochko bilan turnir jadvalida 3-o'rinda bormoqda. “Neftchi” esa 42 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

“Neftchi” 19-tur doirasida “So'g'diyona” o'z uyida qabul qiladi. “Buxoro” esa “Qo'qon-1912” jamoasiga qarshi o'ynaydi.

Gollar: 1:0 — Esanov, penalti (37), 1:1 — Abdug'aniyev (45+3), 2:1 — Esanov (46), 3:1 — Mamasidiqov (73), 4:1 — Rodich (90+2)