Fransiyaning “Strasburg” klubi Abbosbek Fayzullayevni sotib olishi mumkin

Fransiyaning “Strasburg” klubi Abbosbek Fayzullayevni sotib olishi mumkin

Fransiyaning “Strasburg” klubi yozgi transferlar oynasi yopilishiga qadar o'zbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayevni o'z safiga qo'shib olmoqchi. Radio L1 nashri xabariga ko'ra, elzasliklar ayni paytda Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubida to'p surayotgan Fayzullayev bo'yicha muzokaralarni boshlash arafasida turibdi.

“22 yoshli Fayzullayev xalqaro maydonda yetarlicha tajribaga ega. U O'zbekiston milliy terma jamoasi safida shu kungacha 35 ta o'yin o'tkazib, 9 ta gol urishga muvaffaq bo'lgan. Asosan o'ng qanotda harakat qiladigan futbolchining texnikasi va vaziyatlar yarata olish qobiliyati 'Strasburg'ning hujum chizig'ida ijodkorlikni oshirishi kutilmoqda”, deyiladi manba xabarida.

Biroq, ushbu kelishuvni amalga oshirish oson kechmaydi. Fayzullayevning “Bashakshehir” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning iyuniga qadar mo'ljallangan. Bu holat turk klubiga muzokaralarda ustunlik beradi. “Strasburg” transferni ijobiy hal qilish uchun kattaroq taklif bilan chiqishiga to'g'ri keladi.

Manbaga ko'ra, Fransiya jamoasi rahbariyati transfer bo'yicha aniq harakatlarni boshlab yuborgan. Transferlar oynasi yopilishiga oz vaqt qolgani bois, tez orada o'tkaziladigan navbatdagi muzokaralar ushbu kelishuv taqdirini hal qilishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev joriy mavsum “Bashakshehir” safida 3 ta o'yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.