“FIFA o'zini o'zi yo'q qilish tugmasini bosdi” — APL rahbari Infantinoni tanqid qildi
Angliya Premyer Ligasi (APL) ijrochi direktori Richard Masters FIFA'ning Jahon chempionati huquqlarini sotish rejasini keskin tanqid qilib, tashkilotga yangi prezident topish vaqti kelganini ta'kidladi. BBC nashrining xabar berishicha, Masters FIFA rahbari Janni Infantinoning harakatlariga keskin munosabat bildirgan.
“Bu — FIFA'ning o'zi yaratgan muammo, o'ziga o'zi yetkazgan jarohati. Tashkilot o'zini o'zi yo'q qilish tugmasini bosdi va endi buning oqibatlari kelgusida qabul qilinadigan qarorlarga o'z ta'sirini o'tkazadi”, deydi APL rahbari.
Janni Infantino barcha FIFA musobaqalari, xususan, Jahon chempionatlarining tijorat va chipta sotish huquqlarini boshqarish maqsadida FIFA Forward Enterprise (FFE) kompaniyasini tashkil etishga uringan edi. Loyihaga ko'ra, ushbu kompaniya aksiyalarining 21 foizi xususiy investitsiya firmasiga sotilishi kerak bo'lgan. Biroq bu reja katta e'tirozlarga sabab bo'lib, to'xtatib qo'yildi. UEFA boshchiligidagi qator konfederatsiyalar ushbu tashabbusga qarshi chiqdi, hatto UEFA FIFA musobaqalarini boykot qilish bilan tahdid qildi.
Shu voqealar fonida Richard Masters Angliya Futbol assotsiatsiyasining Infantinoni qo'llab-quvvatlashdan voz kechish haqidagi qarorini ma'qulladi. Shuningdek, u FIFA prezidentligiga butun futbol olamini atrofida birlashtira oladigan munosib nomzodni ilgari surish zarurligini ta'kidlagan.
Manba: Daryo.uz




