Fransiyalik taniqli mutaxassis Senegal terma jamoasiga bosh murabbiy bo'ldi
Manba: Getty images
Fransiyalik mutaxassis Patrik Vieyra Senegal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu 50 yoshli murabbiyning faoliyatidagi terma jamoa darajasidagi ilk boshqaruv bo'ladi.
Futbol insayderi Fabritsio Romanoning xabar berishicha, Vieyra Senegal futbol federatsiyasi bilan shartnoma imzolagan. Uning tayinlovi federatsiya tomonidan rasman tasdiqlangan. Mutaxassis darhol jamoa boshqaruvini qo'lga oladi.
Dakarda tug'ilgan Patrik Vieyra futbolchilik faoliyatining asosiy qismini Fransiya terma jamoasida o'tkazgan. U 1998-yilgi Jahon chempionati va 2000-yilgi Yevropa chempionatida g'olib chiqqan.
Vieyra klub miqyosida esa “Arsenal” safidagi faoliyati bilan alohida tanilgan. U London klubida uzoq yillar to'p tepib, 2003/04-yilgi mavsumda Angliya chempionatini mag'lubiyatsiz yakunlagan jamoaga sardorlik qilgan.
Murabbiy sifatidagi faoliyati davomida Vieyra “Nyu York Siti”, “Nitsa”, “Kristal Pelas”, “Strasburg” va “Jenoa” klublarini boshqargan. Uning so'nggi ish joyi Italiya klubi “Jenoa” bo'lgan.
Vieyra Senegal terma jamoasida Pap Tiauning o'rnini egalladi. Endilikda fransiyalik mutaxassis Jahon chempionatidan keyin yangi bosqichni boshlayotgan Senegal terma jamoasiga rahbarlik qiladi.
Manba: Daryo.uz




