Islom Maxachevning keyingi raqibi kim bo'lishi mumkin? Murabbiyi javob berdi

Islom Maxachevning keyingi raqibi kim bo'lishi mumkin? Murabbiyi javob berdi

Manba: Kollaj/“Daryo”

UFC'ning yarim o'rta vazn toifasi chempioni Islom Maxachevning murabbiyi Xavyer Mendes rossiyalik jangchining navbatdagi raqibi kim bo'lishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning ta'kidlashicha, Maxachevning keyingi jangidagi eng ehtimoliy raqib — braziliyalik Karlos Prates. Murabbiy bu haqda Submission Radio YouTube kanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

“Menimcha, Islomning navbatdagi raqibi braziliyalik Karlos Prates bo'ladi. Chunki Shavkat Rahmonov jarohatidan to'liq tiklangani yo'q. Shu sababli ehtimoliy nomzodlar sifatida Maykl Morales yoki Karlos Prates ko'rilmoqda. UFC'dagi vaziyat va so'nggi gap-so'zlarni inobatga olsak, ular Prates variantida to'xtaladi, deb o'ylayman. Ammo yopiq eshiklar ortida nimalar bo'layotganini hech qachon aniq bilolmaysiz”, dedi amerikalik mutaxassis.

Ma'lumot uchun, Islom Maxachev 16-avgust kuni Filadelfiyada (AQSH) bo'lib o'tgan UFC 330 turnirining markaziy jangida Yan Machado Garrini hakamlarning yakdil qarori bilan mag'lub etib, yarim o'rta vazn toifasidagi chempionlik kamarini himoya qilgan edi. Ushbu g'alaba evaziga dog'istonlik sportchi UFC tarixida ketma-ket 17 ta g'alaba qozongan ilk jangchiga aylandi.

Shuningdek, Maxachev jangdan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etib, yil oxiriga qadar yana bitta jang o'tkazishni istayotganini ma'lum qilgan edi.