Rasman. Diyor Imomxo'jayev yana 4 yil muddatga PFL rahbari etib saylandi

Rasman. Diyor Imomxo'jayev yana 4 yil muddatga PFL rahbari etib saylandi

Manba: Getty images

O'zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) bosh direktori Diyor Imomxo'jayev navbatdagi to'rt yillik muddat uchun o'z lavozimiga qayta tasdiqlandi.

Avvalroq xabar berilganidek, 2020-yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan Diyor Imomxo'jayevning vakolat muddati shu yilning 27-iyul kuni yakuniga yetgan edi. Liga ustaviga ko'ra, ushbu lavozimga nomzod O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) prezidenti yoki Liga Ijroiya qo'mitasi tomonidan taqdim etilishi belgilangan.

17-avgust kuni O'FA prezidenti Bahodir Qurbonov Liga Ijroiya qo'mitasiga rasmiy taqdimnoma kiritdi. Unda Imomxo'jayevning o'tgan davr mobaynida amalga oshirgan ijobiy ishlari qayd etilib, uning nomzodi navbatdagi muddatga ilgari surilgan.

Ustavga muvofiq, nomzod masalasi Ijroiya qo'mitaning 8 nafar a'zosi tomonidan ko'rib chiqilishi kerak edi. Qo'mita tarkibiga klublar (Elbek Samatov, Bahodir Mirzayev, To'labek Akramov, Alisher Yusupov, Maqsud Karimov) hamda futbol mutasaddilari (Odil Ahmedov, Kamoliddin Murzoyev, Oybek Ibrohimxonov) kiradi.

O'tkazilgan ovoz berish jarayoni yakunlariga ko'ra, qo'mita a'zolari bir ovozdan Diyor Imomxo'jayev nomzodini ma'qulladi. Shu tariqa, mutaxassis keyingi to'rt yil davomida PFL bosh direktori sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Ma'lumot uchun, Diyor Imomxo'jayev 2020-yilda PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, 2022-yilda esa Assotsiatsiya prezidenti tavsiyasiga ko'ra rasman tashkilot bosh direktori etib tasdiqlangan edi.