Angliya klubi stadioni hududida erkak kishining murdasi topildi
Londonning “Charlton” klubi uy uchrashuvlarini o'tkazadigan “Velli” stadionida erkak kishining murdasi topildi. Bu haqda Standart.co.uk nashri xabar berdi
Hozirda hodisa sabablari hamda tafsilotlari bo'yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
“18-avgust, seshanba kuni ertalab 'Charlton' klubining 'Velli' stadionida erkak kishining murdasi topilishi ortidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot organlari xodimlari ro'y bergan hodisadan so'ng stadionga chaqirilgan. Afsuski, fuqaro voqea joyida vafot etgan. Klub ushbu og'ir vaqtlarda marhumning oilasi, do'stlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi klub rasmiy bayonotida.
Tergovchilar erkakning balandlikdan yiqilib tushgani ehtimolini o'rganmoqda. Hozircha ushbu hodisa kutilmagan o'lim sifatida baholanib, surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Ma'lumot uchun, “Charlton” 15-avgust, shanba kuni Angliya Chempionshipining 1-turida “Derbi Kaunti” ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozongan edi. Mazkur bahs aynan ushbu stadionda o'tkazilgan. Ayni vaqtda jamoa 3 ochko to'plagan holda turnir jadvalida 3-o'rinni egallab turibdi. “Charlton” navbatdagi o'yinini 22-avgust kuni safarda “Vest Hem”ga qarshi o'tkazadi.
Manba: Daryo.uz




