Ringdagi og'ir jarohatdan so'ng 11 yil to'shakka mixlangan bokschi vafot etdi

Ringdagi og'ir jarohatdan so'ng 11 yil to'shakka mixlangan bokschi vafot etdi

Puerto-rikolik sobiq professional bokschi Prichard Kolon 33 yoshida olamdan o'tdi. U 2015-yilda Terrel Uilyamsga qarshi kechgan jangda og'ir miya jarohatini olgan edi. Bu haqda Ring Magazine nashri xabar bermoqda.

Fojiali voqea 2015-yilning oktyabr oyida yuz bergan. Uilyamsga qarshi jangning to'qqizinchi raundidan so'ng Kolon o'zini yomon his qilib, kiyinish xonasida hushidan ketgan va zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar uning bosh miyasiga qon quyilganini aniqlab, shoshilinch jarrohlik amaliyotini o'tkazishgan. Shundan so'ng bokschi qariyb yetti oy davomida koma holatida yotgan.

Komadan chiqqanidan keyin ham uning ahvoli og'irligicha qolib, doimiy parvarishga muhtoj bo'lib qolgan. Kolon gapirish qobiliyatini yo'qotgan va so'nggi 11 yilni uzluksiz reabilitatsiya jarayonlarida o'tkazgan edi. Yosh va umidli bokschi 23 yoshida olgan ana shu og'ir jarohati sababli sportdagi faoliyatini barvaqt yakunlashga majbur bo'lgandi.

Ma'lumot o'rnida, Prichard Kolon o'zining so'nggi jangiga qadar professional ringda 16 ta g'alaba (ulardan 13 tasi nokaut bilan) va atigi 1 ta mag'lubiyat qayd etgan. U o'z vaqtida yarim yengil vazn toifasida WBC yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni unvoniga ega chiqqan. Shuningdek, 2010-yilda 64 kg vazn toifasida yoshlar o'rtasidagi Panamerika chempionatida oltin medalni qo'lga kiritgan edi.