AQSHda amerika futboli jamoasi a'zosining shlemi ichidan zaharli ilon chiqdi (video)

AQSHda amerika futboli jamoasi a'zosining shlemi ichidan zaharli ilon chiqdi (video)

AQSHning Arkanzas shtatidagi o'rta maktablardan birining amerika futboli jamoasi a'zosi mashg'ulotlar vaqtida kiygan shlemi ichidan zaharli ilon chiqdi.

Maumelle maktabi o'quvchisi tayyorgarlik mashqlaridan so'ng bosh kiyimi ichida nimadir qimirlayotganini his qilgan. Shundan so'ng dubulg'aning ichki yostiqchalari ortidan uzunligi taxminan 60 santimetr bo'lgan zaharli ilon topilgan.

Jonivor dubulg'adan o'z ixtiyori bilan chiqishni istamagani uchun hayvonlarni nazorat qilish xodimlari uni suvga botirishga va qisqichlar yordamida tortib olishga majbur bo'lishgan. Mutaxassislar uning o'ta zaharli mokassin iloni ekanini tasdiqlagan. Keyinchalik u o'rmonli hududga qo'yib yuborilgan. Ma'lumot o'rnida, ushbu turdagi sudralib yuruvchilar Arkanzasda uchraydigan zaharli ilonlar orasida xavflilik darajasi bo'yicha ikkinchi o'rinda turadi.

Hayvonlarni himoya qilish xizmati direktori Kris Devisning ta'kidlashicha, o'quvchi dubulg'ani qariyb bir soat davomida kiyib yurgan va ilon uni chaqib olmagani — katta omad.

“Bu aql bovar qilmas holat. Bunga ishonish uchun o'sha yerda bo'lishingiz va hammasini o'z ko'zingiz bilan ko'rishingiz kerak edi”, deydi Devis.

Voqeadan so'ng o'quvchi o'ziga boshqa dubulg'a olib, mashg'ulotlarni davom ettirgan. Biroq ushbu holat bosh murabbiyni jamoa a'zolariga sport anjomlaridan foydalanishdan oldin ularni ehtiyotkorlik bilan tekshirish, hasharotlar yoki undan ham xavfliroq jonivorlar yo'qligiga ishonch hosil qilish kerakligini qat'iy uqtirishga majbur qilgan.