Ra'no Shodiyeva 47 yoshda: saratonni yenggan, 4 marta o'lim bilan yuzlashgan va ijodga qayta olgan aktrisaning sinovli hayoti haqida

Ra'no Shodiyeva 47 yoshda: saratonni yenggan, 4 marta o'lim bilan yuzlashgan va ijodga qayta olgan aktrisaning sinovli hayoti haqida

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Ra'no Shodiyeva bugun, 12-avgust kuni 47 yoshni qarshiladi. “Oyijon”, “Vatan”, “Maktub”, “Shaytanat”, “Chimildiq”,“Qizg'aldoq” kabi ko'plab filmlarda esda qolarli obrazlarni yaratgan aktrisaning hayoti ba'zan baxtli, ba'zan esa sinovli kunlarga to'la. Bir necha yil o'lim bilan kurashgan va yana ijodga qaytgan aktrisaning hayoti ham kinoga o'xshaydi.

Aktrisa 1979-yilning 12-avgustida Samarqandda dunyoga kelgan. Oilada ikki farzand. Akasi san'atdan yiroq sohada faoliyat yuritadi.

Foto: Skrin/ “Vatan” filmidan

— Oilada ikkita farzandmiz. Ota-onam akam ikkimizning tahsil olishimiz uchun bor imkoniyatlarni yaratib bergan. Har yili yozda Rossiyadagi eng yaxshi oromgohlarga borib dam olardik. Onam o'ziga nisbatan e'tiborli va hamisha eng qimmat mualliflik liboslarini kiyardi. Men esa ularni o'zimga moslab tikib olardim. Ammo onam biror marta buning uchun urishmagan. Liboslarga o'chligimning sababi raqs bilan bog'liq. “Raqqosa chiroyli kiyimda raqsga tushishi kerak”, degan tushuncham bor edi. Xullas, bolalikdan faqat raqqosa bo'laman degan niyat bilan ulg'ayganman, deydi Ra'no Shodiyeva.

“Bizni o'ldirish bilan tahdid qilishgan”

Foto: Skrin

— Bolaligimiz Toshkentda o'tgan, chunki onam sudlarda tarjimon sifatida ishtirok etardi. Onam qonunlarni yaxshi tushunardi. Ammo bir yili kar-soqov insonning yaqinlari onamga tahdid qilib, “Agar sud qarorini foydamizga chiqarib bermasang, bolalaringni o'ldiramiz”, deb tahdid qilishgan ekan. Ota-onam qo'rqib, akam ikkimizni Samarqanddagi hovliga olib borishgan. U yerda bobomning katta hovlisi bor edi. Hovli o'rtasida katta favvora bo'lardi, atrofida 40 ga yaqin tovus yurardi, deydi u.

“Bobom juda badavlat inson edi”

— Otam sog'lom oilada dunyoga kelgan. Ammo buvim rahmatli homiladorligidagi kasallik sabab otam tug'ma nuqson bilan tug'ilgan. Bobom nihoyatda badavlat inson edi. U quruq mevalar ishlab chiqaradigan kombinatga rahbarlik qilardi. Bosh nabira bo'lganimiz uchun ham akam ikkimiz hech qanday qiyinchiliksiz, to'qchilikda katta bo'lganmiz. Onam esa kasallik sabab eshitish imkoniyatidan ayrilgan. Uchinchi sinfga qadar oddiy maktabda o'qigan, ammo keyin kar-soqovlar maktabiga o'tkazishgan. U yerda otam bilan tanishgan ekan, deydi aktrisa.

“13 yoshimda kinoga kirib keldim”​

— Ilk rolimni 13 yoshimda Qamara Kamolovaning “Atrof oppoq qorga burkandi” filmida ijro etganman. Kinoda suratga tushish va keyinchalik aktrisa bo'lish xayolimda ham bo'lmagan. Qamara opa nafaqat rejissyor, balki hayotimda muallim bo'lgan. Onam hamisha ishda bo'lardi, ko'p narsalarni u insondan o'rganganman. Maktabni bitirganimdan keyin qaysi kasbni egallash haqida ko'p o'ylaganman. Shunda dadam dizaynerlik bo'yicha o'qishni taklif qilgan. Konstruktor-dizayner mutaxassisligini egallab, 16 yil davomida atelyeda ishlaganman.

“Tanzila Norboyevaning shaxsiy dizayneri bo'lganman”

​— Opa bilan atelyeda ishlab yurgan paytimda tanishganmiz. Bu sohadan ketganimdan keyin, afsuski, Tanzila opaga hech narsa qilib bera olmadim. Hali ham o'zimni kechira olmayapman. Yaqinda ko'rishganimizda ham ko'ylak, kostyumlar tikib bersang bo'lar ekan, deb qoldilar. Keyin men Turkiyaga ketdim va bu iltimoslarini bajara olmadim, deydi aktrisa.

“18 yoshimda 'Chimildiq' filmiga chaqirishgan”

— 18 yoshimda Melis Abzalov “Chimildiq” filmiga taklif etdi. Bu rolni teatrda Madina Muxtorova qoyilmaqom ijro etgan. Uning darajasida ijro eta olamanmi, deb ikkilangandim. Keyin “Shaytanat” filmining kastingiga taklif qilishdi. Rostini aytsam, bu film haqida, umuman asar haqida hech qanday ma'lumotga ega emasdim. Chunki faqat rus tilidagi kitoblarni o'qirdim. Zaynab roli uchun juda ko'p aktrisalar kasting topshirgan, keyin bilsam bu rolni avvaliga Navro'za Biynazova ijro etgan va qandaydir sabablarga ko'ra suratga tushishni istamay qolgan ekan. Navro'za opa bilan bir “dom”da turardik. Munosabatlarimiz juda yaxshi, ammo biror marta nega roldan ketgani haqida so'ramaganman.

“Ozodbek Nazarbekov bilan kursdosh bo'lganmiz”

Foto: Instagram

— Kinodagi rollarim muvaffaqiyatli chiqishni boshlaganidan keyin bu sohada ham tahsil olishga qaror qilganman. Juda mashhur insonlar Ozodbek Nazarbekov, Halimaxon kabi ijodkorlar bilan kursdosh bo'lganman. Undan keyin magistraturada ham o'qidim. Qo'g'irchoq teatr aktyorligi bo'limida tahsil olib, kar-soqov bolalar uchun spektakllar sahnalashtirishni niyat qilgandim. Institutdan ish taklif qilishdi va besh yil davomida ustozlik ham qildim. Ammo institutda ishlab, ijoddan biroz uzilgandek bo'ldim. Shu bois ustozlikni tark etib, bor e'tiborimni ijodga qaratdim, deydi aktrisa.

“Onam sabab xayriya ishlarini boshladim”

​— Onam imkoniyati cheklangan bolalar madaniyat markazida ishlardi. Bir kuni “Sen taniqli aktrisasan, nega menga yordam bermaysan”, deb qoldi. Avvaliga onamni ranjitmaslik uchun xayriya ishlarida qatnashib yurdim. Ammo u yerdagi muhit bilan yaqindan tanishib, bolajonlarga mehrim tushib qoldi. Ular shu qadar mehrliki, insonni o'ziga ohanrabodek tortadi. Ayni kunda bu sohada nafaqat, onam va men, balki qizim ham faoliyat yuritadi, deydi Ra'no Shodiyeva.

“Turmush o'rtog'im bilan boshqa-boshqa insonlarmiz”

— Men samarqandlik, turmush o'rtog'im esa qashqadaryoliklar. Aslida dunyoqarashimiz va odatlarimiz ham bir-biriga mos emas. Masalan, men noziklikni yoqtiraman, turmush o'rtog'im esa chapani samimiy inson. Hatto yaxshi ko'radigan narsalarimiz ham bir-biridan farq qiladi. Ammo turmush o'rtog'im oilaparvar va ayolini qadrlaydigan inson. Oilamiz uchun hamma imkoniyatni yaratib beradi. Shu kungacha ro'zg'or xarajatlari haqida bosh qotirgan emasman, deydi Ra'no Shodiyeva.

Og'ir xastalikni yenggan aktrisa​

— Jigarimning 70 foizini olib tashlashdi va sog'lom qismini qoldirishdi. Jigar o'sadigan organ. Xudo xohlasa, olib tashlangan o'sha foizi bir yil davomida yana ham o'sib, joyiga tushadi. Oson amaliyot bo'lmadi, juda qiyin, mashaqqatli. Jigarning o'zi 300 ta funksiyani bajaradi. Unda qon tomirlari ko'p, deydi aktrisa.

Birinchi jarrohlik amaliyoti 2022-yili amalga oshirildi. Aktrisa 2024-yil aprelida yana bir jarrohlik amaliyotidan o'tganini Instagram orqali ma'lum qilgan.

“Turkiyadagi kasalxonada 4 marta hayot bilan xayrlashganman”​

Turkiyada davolanayotgan paytimda eng kamida to'rt marta hayot bilan xayrlashdim. Hatto shifokorlarning o'zlari ham “Yaqinlaringizni, turmush o'rtog'ingiz va bolalaringizni chaqiring, ular siz bilan xayrlashishga ulgurishsin”, deyishgan. Shunday gaplardan keyin men hamma narsaga tayyor edim. Organizmim, immunitetim charchab qolgan edi. Hayotdan ketayotganimni qabul qilib bo'lgan edim. Kunlardan birida erta tongda ko'zimni ochdim va o'zimga “Sen nima qilyapsan? Qayerga ketmoqchisan? To'g'ri, farzandlaring sensiz ham yashashda davom etadi. Lekin o'zing-chi? Yashashni istamaysanmi?”, dedim. Shu tarzda o'zim bilan o'zim suhbatlashib, o'zimni yerga tushirdim.

Avvalambor Alloh, lekin inson kasal bo'lganida o'ziga rahmi kelmasligi kerak. Imkon qadar kurashish kerak. Shifokorlar mening yashab ketganimni mo'jiza ekanligini aytishdi.

“ 'Ximiya' olayotgan sumkamni kiyimlarim tagiga yashirib filmda rol o'ynaganman”

— Birinchi operatsiyadan keyin metastaz kuzatildi va meni ikkinchi operatsiyaga tayyorlay boshlashdi. O'shanda “Mendirman Jaloliddin” serialining ikkinchi fasli syomkasi boshlangan edi. O'rnimga boshqa aktrisa olishsa, mendan ham yaxshi o'ynab berardi balki. Lekin men obrazimni boshqa aktrisadan qizg'andim. O'shanda prodyuserlarimiz menga qo'ng'iroq qilib, “O'zingiz o'ynab bera olasizmi?”, deyishdi. Men esa faqat ma'lum shart-sharoitlar asosida ishlay olishimni aytdim. Mehmet Bo'zdag' “Rolingizni o'zingiz o'ynab bersangiz, mamnun bo'lar edik”, dedi. Shu gaplar ham menga katta turtki bo'ldi.

Shifokorlar menga 8 soat davom etadigan kimyoterapiyani qilishdi, undan so'ng esa 42 soatlik boshqa kimyoterapiyani ulashdi. Men salkam uch kun mobaynida kimyoterapiya olib yurganman. Bo'ynimga osiladigan sumkachaga “ximiya”ni solib qo'yishardi. Men o'sha holatda sumkani kiyimlarim tagiga yashirib, serialda suratga tushganman.

​Davolanishga qancha pul ketgani haqida

— Saratondan davolanish juda qimmat. Ikki yilini hisoblasangiz, bitta operatsiya 37 ming dollar, yana bittasi 42 ming, 25 ming, eng arzoni 15 ming dollar bo'lsa kerak. Undan keyin reabilitatsiya, “ximiya” muolajalari. Har bitta “ximiya”ning olib kelinishi mashaqqatini ko'rsangiz, u dorilar Hindistondan olib kelinardi. Hali O'zbekistonga ruxsat berilmagan. Biz yuqoridan ruxsat olganmiz. Haligacha minnatdorman, meni juda ko'pchilik yaxshi ko'rarkan. Bojxonada ham onkolog shifokorim kirib, o'zi shaxsan dorimni qabul qilib olardi. Men o'sha paytda 21-asrda yashayotganimni his etdim. Dunyo tibbiyoti juda rivojlanib ketgan, inson hayotini saqlab qoladigan dorilar bor.

Turkiyada davolanishning so'nggi kunlarida kasalxonadan chiqaman, deganimda klinika menga yana 83 ming dollar hisob chiqarib berdi. O'shanda buncha pulni qayerdan topamiz, deb o'ylaganmiz. Turmush o'rtog'im “Mashinani sotamiz, uni sotamiz, buni sotamiz”, deb reja qildi va o'sha pulni topdi. Davolanishimga 500 ming dollardan ko'proq pul ketdi, deydi Ra'no Shodiyeva.

“Jahongir Ortiqxo'jayevdan minnatdorman”

— Pulni qayerdan olishni bilmay boshimiz qotib turganida Jahongir aka Ortiqxo'jayev turmush o'rtog'imga qo'ng'iroq qilib, yordam berishlarini aytdi. Shundan keyin Turkiyadagi muolajalarim boshlanib ketdi. Men Istanbuldagi klinikada davolanayotganimda mendan boshqa yana ko'plab odamlarning davolanishiga Jahongir aka yordam berganidan xabar topdim. Ular bir necha yuz ming dollarlik operatsiyalarga homiylik qilgan ekan. Menga ham juda yaxshi sharoit qilib berdilar, o'g'lim va kuyovim Istanbulda yonimga borishganida ularga hatto taksi ham qilib berdilar. Ulardan juda ham minnatdorman, deydi Ra'no Shodiyeva.

Endi aktrisa nabiralarning sevimli buvisi

​Aktrisa 2021-yili o'g'li Diyorni uylantirdi. Qizig'i shundaki, uning kelini rus millatiga mansub. Oradan ko'p o'tmay, qizi Raxshonani ham turmushga berdi. Hozirda aktrisaning to'rt nafar nabirasi bor.

Aktrisa 2026-yilning fevral oyida hayot yo'li haqida avtobiografik kitob yozib tugatdi va unda asosiy urg'uni jiddiy xastalikni qanday yengib o'tganiga qaratdi.