Superliga. “Paxtakor” Qarshida “Nasaf”dan ustun keldi
O'zbekiston Superligasining 17-turi doirasidagi markaziy uchrashuv Qarshida bo'lib o'tdi. Unda mahalliy “Nasaf” jamoasi Toshkentning “Paxtakor” klubini qabul qildi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahsda poytaxtliklar safarda 2:1 hisobidagi g'alabani qo'lga kiritdi.
Uchrashuvning 15-daqiqasidayoq kutilmagan vaziyat yuz berdi: mezbonlar himoyachisi Alibek Davronov to'pni o'z darvozasiga kiritib qo'ydi va “Paxtakor” hisobda oldinga chiqib oldi. Taym shu hisobda yakunlandi. Ikkinchi bo'limning boshida “Nasaf” yarimhimoyachisi Sharof Muhiddinov aniq zarbasi bilan muvozanatni tiklashga erishdi. Biroq uchrashuvning 71-daqiqasida “sherlar” vakili Oybek Bozorov jamoasini yana oldinga olib chiqdi va uchrashuvga yakuniy nuqtani qo'ydi — 1:2.
Ushbu qimmatli g'alabadan so'ng “Paxtakor” turnir jadvalida 38 ochko bilan 2-pog'onani band etgan bo'lsa, “ajdarlar” 25 ochko bilan 6-o'rindan joy oldi.
O'zbekiston Superligasi, 17-tur
Gollar: 0:1 — Davronov (15, avtogol), 1:1 — Muhiddinov (48), 1:2 — Bozorov (71).
Manba: Daryo.uz




