“Barselona” Rodri transferi bo'yicha kelishuvga erishdi — ESPN

“Barselona” Rodri transferi bo'yicha kelishuvga erishdi — ESPN

“Barselona” klubi “Manchester Siti” hamda Ispaniya terma jamoasi yarimhimoyachisi Rodri transferi borasida kelishuvga erishdi. Bu haqda ESPN nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko'ra, ingliz klubi kataloniyaliklarning dastlabki ikkita taklifini rad etgan. Biroq uchinchi bosqich muzokaralaridan so'ng, “shaharliklar” Rodrini 76,5 million yevro evaziga qo'yib yuborishga rozi bo'lgan. Ayni paytda klublar o'zaro hujjatlar almashinuvini yakunlab, kelishuvni to'liq rasmiylashtirgan.

30 yoshli futbolchining yaqin kunlarda Barselonaga yetib borishi kutilmoqda. U 19-avgust, chorshanba kuni “Kamp Nou” stadionida “Al-Ahli”ga qarshi o'tkaziladigan Gamper Kubogi bahsidan oldin jamoa muxlislariga tanishtirilishi mumkin. Taniqli insayder Fabrisio Romanoning ma'lumotlariga ko'ra, ispaniyalik futbolchi “Barselona” bilan to'rt yillik shartnoma imzolaydi.

Rodri 2019-yildan buyon “Manchester Siti” sharafini himoya qilib kelayotgan edi. U Manchester klubi safida to'rt karra Angliya chempioni, uch karra Liga Kubogi sohibi, shuningdek, ikki marta Angliya Kubogi va UEFA Superkubogida zafar quchgan. Bundan tashqari, u bir martadan Chempionlar Ligasi, Angliya Superkubogi va Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida g'olib chiqqan. E'tiborlisi, Rodri 2024-yilda jahonning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to'p” mukofotini qo'lga kiritgan edi.

Yarim himoyachi Ispaniya milliy terma jamoasi safida 2026-yilgi Jahon chempionati g'olibiga aylandi. Nufuzli turnir yakunlanganidan so'ng, ispan nashrlari futbolchining o'z vataniga qaytish istagida ekanligini yozib chiqqandi.