Yangilangan IBF reytingida o'zbekistonlik bokschilarning o'rni qanday?

Yangilangan IBF reytingida o'zbekistonlik bokschilarning o'rni qanday?

Manba: Kollaj/“Daryo”

Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) professional bokschilarning avgust oyi yakunlari bo'yicha yangilangan reytingini e'lon qildi. Unga ko'ra, mazkur reytingdan to'rt nafar o'zbekistonlik bokschi o'rin olgan.

Birinchi yarim yengil vazn (-55,2 kg) toifasida ushbu divizionning mutlaq chempioni yaponiyalik Naoya Inoue hisoblanadi. Mazkur vaznda o'zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev to'rtinchi o'rinni band etgan. Ahmadaliyev may oyida Toshkentdagi “Humo Arena”da venesuelalik Hegli Moskedani to'rtinchi raundda texnik nokaut evaziga mag'lub etgandi.

Minimal vazn (-49 kg) toifasida Hasanboy Do'smatov o'ninchi o'rinni egalladi. Olimpiya o'yinlari chempioni professional ringda o'tkazgan yetti jangining barchasida g'alaba qozongan bo'lib, ulardan beshtasini muddatidan avval yakunlagan. U so'nggi jangida Mark Antonioni ochkolar hisobiga ko'ra mag'lub etdi.

Super yarim o'rta vazn (-69,9 kg) toifasida Isroil Madrimov yettinchi o'rinni egalladi. 30 yoshli bokschi professional ringda 14 ta jang o'tkazib, 11 ta g'alaba, 2 ta mag'lubiyat va 1 ta durang qayd etgan. U ketma-ket ikki mag'lubiyatdan so'ng Luis David Salazar ustidan g'alaba qozonib, muvaffaqiyatli qaytishni uddaladi.

Super og'ir vazn toifasida (+101,6 kg) Bahodir Jalolov 13-o'ringa tushdi. U professional boksda 18 ta jang o'tkazib, 18 tasida g'alaba qozongan. Shularning 16 jangini muddatidan avval yakunlagan. U Manchesterda o'tgan so'nggi jangida xorvatiyalik Agron Smakichini nokautga uchratgandi.