Germaniyalik 19 yoshli suzuvchi 1500 metr masofada jahon rekordini yangiladi
Suv sporti turlari bo'yicha Yevropa chempionatida germaniyalik Yoxannes Libmann erkaklar o'rtasida 1500 metrga suzish bo'yicha mutlaq jahon rekordini o'rnatdi. 19 yoshli sportchi masofani 14 daqiqa 26,79 soniyada bosib o'tib, avvalgi rekordni qariyb to'rt soniyaga (3,88 soniyaga) yaxshiladi.
“Men shunchaki hayratdaman, bu aql bovar qilmas darajada. Bunga erisha olaman deb o'ylamagandim... Gapirishga so'z topolmayapman”, dedi Libmann Olympics.com nashriga bergan intervyusida.
Sportchi poyga qiyin kechgani va o'z taktikasini qanday amalga oshirgani haqida ham to'xtalib o'tdi:
“Poyga og'ir bo'ldi. Men tez boshladim, asosiy maqsad boshqalardan ajralib chiqib, o'z tempimda suzish edi. Masofaning yarmiga kelib, raqiblarimdan ancha oldinda ekanimni ko'rdim va o'zimni yaxshi his qildim. So'nggi 200-300 metrlarda tomoshabinlarning o'rnilaridan turib qo'llab-quvvatlayotgani menga qo'shimcha kuch bag'ishladi. Ularni ko'rib, Yevropa yoki jahon rekordini o'rnatayotganimni angladim, lekin farq unchalik katta emas deb o'ylagandim. Oxirgi 100 metr juda qiyin o'tdi, ammo tabloda 14:26 natijasini ko'rish — shunchaki ajoyib hissiyot”.
Ma'lumot o'rnida, bunga qadar eng yaxshi natija ikki yil avval Parij Olimpiadasida amerikalik Bobbi Fink tomonidan o'rnatilgan edi. Shuningdek, Libmann ushbu masofani 14 daqiqa 30 soniyadan kamroq vaqt ichida bosib o'tgan tarixdagi ilk suzuvchiga aylandi.
Manba: Daryo.uz




