Tailandda musoboqaga tayyorlanayotgan 18 yoshli golfchi qiz vafot etdi

Tailandda musoboqaga tayyorlanayotgan 18 yoshli golfchi qiz vafot etdi

Manba: Women's NSW Open

Avstraliyalik 18 yoshli golfchi Jessika Bang Tailandda bosh miyasiga qon quyilishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Avstraliya xotin-qizlar professional golf assotsiatsiyasi (WPGA Tour of Australasia) matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Bang 1-avgust kuni Tailandning Bangkok shahrida musobaqaga tayyorgarlik ko'rayotgan vaqtida to'satdan hushidan ketgan. U shifoxonaga olib borilib, shoshilinch ravishda miya jarrohligi amaliyotini boshdan kechirgan. Biroq shifokorlarning sa'y-harakatlariga qaramay, golfchi sog'ayib keta olmagan va 13-avgust kuni vafot etgan.

Avstraliya xotin-qizlar professional golf assotsiatsiyasi Bangni “ajoyib yosh iste'dod” deya ta'riflab, uning vafoti Avstraliya golf jamoatchiligi uchun katta yo'qotish ekanini bildirdi. Tashkilot marhum sportchining oila a'zolari, do'stlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Ma'lumot uchun, Jessika Bang Bangkokda Janubiy Koreya ayollar professional golf turining xalqaro saralash turnirida ishtirok etishga tayyorgarlik ko'rayotgan edi. U 2025-yil oxirida professional golfchi maqomiga ega bo'lganidan so'ng qisqa vaqt ichida Avstraliya golfidagi istiqbolli yosh sportchilardan biriga aylangan edi.

U 2026-yil boshida professional faoliyatidagi beshinchi turnirida ilk g'alabasini qo'lga kiritgan. U Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida o'tkaziladigan ayollar o'rtasidagi professional golf turnirining mintaqaviy saralash bosqichida g'olib bo'lgan.