Infantino atrofidagi mojaroning Osiyo futboliga ta'siri: OFK va Qatar munosabati yomonlashdi
Manba: Getty images
OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa Qatar futbol assotsiatsiyasining tashkilotga nisbatan bildirgan e'tirozlariga javob qaytardi. Bu haqda Goal nashri xabar berdi.
Avvalroq Qatar futbol assotsiatsiyasi UEFA, OFK va KONKAKAF tomonidan FIFA prezidenti Janni Infantinoni tanqid qilgan qo'shma bayonot e'lon qilinishidan oldin Qatar tomoni bilan maslahatlashilmaganini bildirgan edi.
Shayx Salmon esa OFK nomidan bildirilgan pozitsiyani himoya qildi. Uning ta'kidlashicha, u tashkilot prezidenti sifatida Osiyo futbol konfederaratsiyasi nizomlarida belgilangan vakolatlar doirasida harakat qilgan.
Mazkur mojaro FIFAning tijoriy faoliyati bilan bog'liq rejalar ortidan yuzaga kelgan. Infantinoning Jahon chempionati va boshqa FIFA musobaqalarining tijoriy huquqlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish tashabbusi bir qator futbol tashkilotlarining noroziligiga sabab bo'ldi.
UEFA, OFK va KONKAKAF rahbariyati Infantinoning ushbu tashabbusidan norozi ekanini bildirib, FIFA prezidentiga nisbatan tanqidiy munosabatini ochiq namoyish etdi.
Qatar esa Infantinoni qo'llab-quvvatlayotgan davlatlardan biri bo'lib qolmoqda. Shu sababli OFK va Qatar futbol rahbariyati o'rtasidagi kelishmovchilik FIFAdagi siyosiy qarama-qarshiliklarning Osiyo futboliga ham ta'sir qilayotganini ko'rsatmoqda.
Infantinoning FIFA prezidentligidagi kelajagi masalasi esa 2027-yilgi saylovlar arafasida yanada dolzarb bo'lib bormoqda.
Manba: Daryo.uz




