Joze Mourinyo “Real”da qanday taktikadan foydalanishi ma'lum bo'ldi

Joze Mourinyo “Real”da qanday taktikadan foydalanishi ma'lum bo'ldi

Madridning “Real” klubi yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoa o'yinini 4-2-3-1 taktik sxemasi asosida qurishga qaror qildi. Bu haqda Diario AS nashri xabar bergan.

Manbaga ko'ra, ushbu format Vinisius Junior, Kilian Mbappe, Yan Diomande va Jud Bellingemni bir vaqtning o'zida asosiy tarkibda maydonga tushirish imkonini beradi. Shuningdek, portugaliyalik mutaxassis Bernardu Silva ustida ham tajribalar o'tkazmoqda. “Manchester Siti”ning sobiq sardori bitta o'yinning o'zida ham o'ng qanot markaziy yarimhimoyachisi, ham pleymeyker vazifasini bajarishi kutilmoqda.

Mourinyo markaziy yarimhimoyada kimlarni o'ynatishni hal qilgani yo'q. Hozircha bu pozitsiyaga to'rt nafar futbolchi — Tchuameni, Valverde, Bernardu Silva va Kamavinga da'vogarlik qilmoqda. Kamavinga JCHga bormagani uchun mashg'ulotlarga birinchilardan bo'lib qo'shildi va yig'inlarda eng ko'p o'yin amaliyotiga ega bo'ldi. Tchuameni hamda Tyago Pittaki esa jarohati sabab mavsumoldi o'yinlarini o'tkazib yubordi.

Chap qanot himoyachisi, Jahon chempioni Mark Kukurelya jamoaga kech qo'shilgani bois faqatgina “Shalke”ga qarshi bahsning so'nggi 30 daqiqasida maydonga tushdi. Ferlan Mendi esa jarohat olgan. Shu bois ushbu yig'in davomida eng ko'p o'yin amaliyoti Alvaro Karrerasga nasib etdi.

O'ng qanotda Joze Mourinyo Trent Aleksander-Arnold (241 daqiqa) va Denzel Dumfrisni (239 daqiqa) sinovdan o'tkazdi. Ayrim uchrashuvlarda bu ikki futbolchi bir vaqtda maydonda harakat qildi: ingliz futbolchisi o'ng himoyada, niderlandiyalik o'yinchi esa qanot yarimhimoyasida to'p surdi.

Markaziy himoyada muammolar yetarli. Eder Militao va Raul Asensio jarohat tufayli yig'inda deyarli ishtirok eta olmadi. Militaoning terma jamoalar tanaffusidan keyingina safga qaytishi kutilmoqda. Shu bois, yangi mavsum boshida markazdagi ikkita joy uchun Antonio Ryudiger, Din Xeysen va Ibrohim Konate o'zaro raqobatlashadi.

Ma'lumot uchun, “Real” 22-avgust kuni La Liga yangi mavsumining 1-turi doirasida safarda “Espanyol”ga qarshi maydonga tushadi. Mourinyo mavsumoldi tayyorgarlik doirasidagi oltita o'yinda barcha futbolchilarni sinovdan o'tkazdi. “Qirollik klubi” ushbu uchrashuvlarda mag'lubiyatga uchramadi — 5 ta g'alaba va 1 ta durang. Jamoa so'nggi 243 daqiqa davomida, jumladan, “Deportivo” hamda “Shalke 04”ga qarshi bahslarda o'z darvozasidan to'p olib chiqmadi.