Todd Boeli va Mark Uolter “Chelsi”dagi ulushini sotmoqchi — Financial Times
“Chelsi” direktorlar kengashi raisi Todd Boeli va milliarder Mark Uolter o'zlariga tegishli 12,8 foizlik aksiyalarni klubning asosiy xo'jayini hisoblangan “Clearlake Capital” kompaniyasiga sotish bo'yicha muzokaralar o'tkazdi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Ayni paytda “Chelsi” aksiyalarining 61,5 foizi “Clearlake Capital” kompaniyasiga tegishli. Qolgan 38,5 foiz ulush esa Uolter, Boeli hamda shveysariyalik tadbirkor Xansyorg Viss o'rtasida taqsimlangan. Ushbu konsorsium London klubini 2022-yilda 2,5 mlrd funt sterling evaziga xarid qilib, jamoaga qo'shimcha 1,75 mlrd funt sarmoya kiritgan edi. Agar ushbu oldi-sotdi kelishuvi amalga oshsa, klubning umumiy qiymati 5 mlrd funtdan (6,8 mlrd dollar) ko'proqqa baholanadi.
Nashrning qayd etishicha, 2022-yildagi xarid shartnomasida dastlabki 10 yil davomida aksiyalarni begona (uchinchi) shaxslarga sotishni taqiqlovchi band mavjud. Shu sababli, Boeli va Uolterning ulushini faqat “Clearlake Capital” yoki Viss sotib olishi mumkin.
Biroz avvalroq Mark Uolter AQSH prokuraturasi tomonidan ehtimoliy moliyaviy firibgarliklar bo'yicha o'tkazilayotgan tergov fonida NBA'ning “Los-Anjeles Leykers” klubini 12 mlrd dollardan ziyod mablag'ga sotib yuborgan edi.
Ma'lumot uchun, “Chelsi” 2003-yildan 2022-yilgacha rossiyalik milliarder Roman Abramovichga tegishli bo'lgan. 2022-yilning mart oyida Buyuk Britaniya unga qarshi sanksiyalar kiritgach, u klubdan voz kechishga majbur bo'ldi.
Manba: Daryo.uz




