Enso Fernandes transferi uchun chegirmali muddat tugadi
Manba: Getty Images
“Chelsi” yarimhimoyachi Enso Fernandesni sotib olish bo'yicha birorta ham yozma taklif olmagan. Qayd etilishicha, 14-avgust (London vaqti bilan 17:00) klub futbolchini sotish masalasini muhokama qilishga tayyor bo'lgan so'nggi muddat edi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida ma'lum qildi.
Avvalroq ushbu muddatgacha “Manchester Siti” va “Chelsi” o'zaro kelishuvga erisha olmasa, transfer umuman amalga oshmasligi xabar qilingan edi. Endilikda 25 yoshli argentinalik futbolchini o'z safiga qo'shib olmoqchi bo'lgan jamoalar uning uchun 140,5 million yevrolik sof taklif yuborishlari talab etiladi.
Manbaga ko'ra, “Chelsi” endi 25 yoshli futbolchini 120 million funt sterling (140 mln yevro) evaziga sotish variantini ko'rib chiqmayapti. Bu summa may oyining oxirida ehtimoliy xaridorlarga ma'lum qilingan edi.
Enso 2023-yilning qishida “Benfika”dan “Chelsi”ga ko'chib o'tgan edi. U shu kungacha barcha turnirlarda jami 166 ta o'yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 30 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.
Argentinalik yarimhimoyachi londonliklar bilan birgalikda 2024/2025-yilgi mavsumda Konferensiyalar Ligasida hamda 2025-yilgi Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida g'olib chiqqan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2032-yilning yoziga qadar mo'ljallangan bo'lib, Transfermarkt portali uning hozirgi bozor qiymatini 100 million yevroga baholamoqda.
Manba: Daryo.uz




