Ronaldu va Jorjina nikohdan avval mol-mulkni ajratish bo'yicha shartnoma tuzgan — manba
Manba: Getty images
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu va uning rafiqasi Jorjina Rodriges to'ydan bir kun oldin mol-mulkni alohida boshqarish bo'yicha nikoh shartnomasini imzolagan. Bu haqda Jornal de Notícias nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, shartnoma 10-avgust kuni Lissabondagi notarial idorada imzolangan. Hujjatga ko'ra, er-xotin mol-mulkni alohida saqlash tartibini tanlagan.
Shu tartibda har bir tomon nikohdan avval o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulkni, shuningdek, nikohdan keyin o'z nomiga orttirgan mulkni saqlab qoladi. Agar ular birgalikda biror mol-mulk sotib olsa, ushbu mulk har ikki tomonning umumiy mulki bo'lishi mumkin.
Ma'lumot uchun, Ronaldu va Rodriges 11-avgust kuni Portugaliyaning Kashkaysh shahrida yopiq tarzda turmush qurdi. Ronaldu va Rodriges 2016 yilda Madridda tanishgan. O'shanda Jorjina Gucci do'konida sotuvchi bo'lib ishlardi. Bugungi kunga kelib juftlikning Alana Martina va Bella Esmeralda ismli ikki qizi bor. Umuman olganda, ular besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. Yana uch nafar farzand — kichik Krishtianu hamda egizaklar Mateo va Yeva surrogat onalar yordamida dunyoga kelgan.
Manba: Daryo.uz




