2027-yilgi Ispaniya Superkubogi qayerda o'tkazilishi ma'lum bo'ldi

2027-yilgi Ispaniya Superkubogi qayerda o'tkazilishi ma'lum bo'ldi

Manba: Getty images

2027-yilgi Ispaniya Superkubogi Turkiyaning Istanbul shahrida o'tkaziladi. Bu haqda Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) ma'lum qildi.

Turnir 2–7-fevral kunlari Istanbuldagi Otaturk Olimpiya stadionida bo'lib o'tadi. Mazkur arena qariyb 75 ming tomoshabinni o'z bag'riga sig'dira oladi.

Superkubokda Ispaniyaning to'rtta kuchli jamoasi — “Real Madrid”, “Barselona”, “Atletiko” Madrid va “Real Sosyedad” ishtirok etadi. Turnir formatiga ko'ra, La Liga g'olibi (“Barselona”) va ikkinchi o'rinni egallagan jamoa (“Real Madrid”), shuningdek mamlakat Kubogi finalchilari (“Real Sosyedad” va “Atletiko”) Superkubok uchun bahs olib boradi. Musobaqa an'anaviy ravishda ikkita yarim final va final uchrashuvidan iborat bo'ladi.

Istanbul Ispaniya Superkubogiga ilk bor mezbonlik qiladi. Turnirning odatiy mezboni bo'lgan Saudiya Arabistoni esa 2027-yilda Osiyo Kubogini qabul qilishi sababli musobaqani o'tkaza olmaydi. Superkubok bahslari 2028-yildan yana Saudiya Arabistoniga qaytishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2026-yilgi Ispaniya Superkubogida “Barselona” g'olib chiqqan. Kataloniya klubi finalda “Real Madrid”ni 3:2 hisobida mag'lub etgan va o'z tarixida 16-bor ushbu sovrinni qo'lga kiritgan.