Ramazon Temirovning UFC'dagi navbatdagi raqibi va jang sanasi ma'lum bo'ldi (foto)
O'zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Ramazon Temirovning navbatdagi jang tafsilotlari rasman tasdiqlandi.
UFC matbuot xizmatining xabar berishicha, o'zbekistonlik MMA jangchisi 24-oktyabr kuni BAAning Abu-Dabi shahridagi “Etihad Arena” majmuasida o'tkaziladigan UFC 333 turnirida oktagonga ko'tariladi.
O'ta yengil vazn toifasida tashkil etiladigan mazkur bahsda Temirovga angliyalik Loun Kavana raqiblik qiladi. Ahamiyatlisi shundaki, hozirda har ikki sportchi reytingda yonma-yon bormoqda: Kavana ushbu divizionda oltinchi, Temirov esa yettinchi pog'onani band etib turibdi.
Foto: Instagram
Eslatib o'tamiz, 29 yoshli Ramazon Temirov o'zining so'nggi jangini ham aynan Abu-Dabida o'tkazgan edi. 25-iyul kuni bo'lib o'tgan UFC Fight Night 282 turnirining markaziy bahslaridan birida (asosiy jangdan oldingi to'qnashuv) u avstraliyalik Stiv Ersegga qarshi oktagonga ko'tarilgan.
Ushbu qarama-qarshilikda Temirov 30 yoshli raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratib, o'zining 22-jangidagi 20-g'alabasini tantana qilgan edi. Erseg uchun esa bu professional faoliyatidagi 19-jangda qabul qilib olingan 5-mag'lubiyat bo'lgandi.
Manba: Daryo.uz




