“Odisseya” Nolanning eng yuqori daromad keltirgan filmiga aylandi
“Odisseya” filmining kassa yig'imlari rejissyor Kristofer Nolan faoliyatidagi eng yuqorisi bo'ldi.
To'rt dam olish kuni davomida kartina 1,1 mlrd dollardan ortiq mablag' to'pladi: shundan 461,1 mln dollari Shimoliy Amerikada va 643,6 mln dollari dunyoning qolgan qismida. “Odisseya” shuningdek, Mett Deymon, Enn Heteuey va Robert Pattinsonning faoliyatidagi eng kassabop filmga aylandi.
Bundan avval Nolanning eng kassabop lentalari “Qora ritsar” filmi (1,008 mlrd dollar) va uning davomi – “Qora ritsar: Afsonaning yuksalishi” (1,08 mlrd dollar) bo'lgan edi. Nolanning barcha filmlaridan tushgan umumiy daromad 7 mlrd dollardan oshdi.
“Odisseya” yil boshidan buyon 1 mlrd dollarlik marrani zabt etgan beshinchi film bo'ldi. Ular qatorida “Super Mario: Galaktika kinosi” (1,01 mlrd dollar), “Maykl” nomli bayopik (1,016 mlrd dollar) va “O'yinchoqlar tarixi 5” (1,09 mlrd dollar) bor. Ayni paytda 2026-yilning eng kassabop filmi 1,26 mlrd dollardan ortiq yig'im bilan “O'rgimchak odam: Yangi kun” bo'lib turibdi.
“Odisseya” jahon prokatiga 17-iyul kuni chiqdi. Gomer dostoniga asoslangan kartinada Odisseyning Troya urushidan so'ng uyiga qaytishi haqida hikoya qilinadi.
Kartinada Mett Deymon (Odissey), Enn Heteuey (Penelopa, Odisseyning rafiqasi), Tom Holland (Telemax), Robert Pattinson (Antinoy), Elliot Peyj (Sinon), Lupita Niongo (Go'zal Yelena), Zendeya (ma'buda Afina), Sharliz Teron (nimfa Kalipso), Benni Sefdi (Agamemnon) va Mia Got (Melanfo) rol ijro etgan.
Manba: Daryo.uz




