Umrining so'nggi yillarini qashshoqlikda o'tkazgan 5 nafar mashhur sovet aktyorlari
Manba: “Daryo” / Madina Nurman
Bir paytlar SSSRda eng yuqori unvonga ega artistlar ham faqat oylikka ishlagan, topgan pullarini biznesga tikish imkoni esa bo'lmagan. Shuning uchun ko'plab mashhur aktyorlar nafaqaga chiqqach yoki kasallikka chalingach, qiyin ahvolda qolgan. Quyida umrining so'nggi yillarini yetishmovchilikda o'tkazgan besh nafar taniqli san'atkor haqida so'z yuritamiz.
Foto: “Kino mail.ru”
Urush faxriysi, RSFSRda xizmat ko'rsatgan artist Aleksey Smirnov ko'plab filmlarda kichik bo'lsa-da, yodda qolarli va kulgili rollari bilan xalqqa tanilgan edi. Tomoshabinlar uni Elem Klimovning “Begonalar kirishi mumkin emas” filmidagi xo'jalik mudiri, Leonid Gaydayning “I operatsiyasi”dagi bezori Fedya va “Jangga faqat chollar kiradi” filmidagi Mixalich rollari orqali yaxshi eslashadi.
Urushda olgan og'ir jarohati tufayli aktyor farzand ko'rish baxtidan mahrum bo'ladi va bu uning oilaviy hayotiga butunlay nuqta qo'yadi. Buning ustiga, urushda ikkinchi o'g'li Arkadiydan ayrilib, aqldan ozgan onasiga ham o'zi qarashga majbur edi. Shu sababli u uzoq muddatli syomkalarga ketolmasdi va kamroq vaqt talab qiladigan ikkinchi darajali rollarni olishga majbur bo'lardi.
Tabiatan juda kamtar bo'lgani uchun mashhur artist davlatdan o'zi uchun biron-bir sharoit yoki imtiyoz talab qila olmadi. Oqibatda u butun umr onasi bilan umumiy kvartirada yashab o'tdi. Yoshi ellikdan oshgach, sog'lig'i yomonlashdi va rollarini kamaytirishga majbur bo'lgach, uning shundoq ham kam bo'lgan gonorari arzimagan pulga aylanib qoldi. Ammo uning hayotidagi eng og'ir zarba yaqin do'sti, aktyor va rejissyor Leonid Bikovning avtohalokatda vafot etgani bo'ldi. Bu xabarni eshitgan Smirnov ichkilikka berilib, shifoxonaga tushib qoldi va 1979-yil 7-mayda vafot etdi.
Epizodlar ustasi Sergey Filippov kino olamidagi yarim asrlik faoliyati davomida yuzdan ortiq rollarni ijro etdi va ekranda yorqin, unutilmas obrazlar yaratdi. Uning eng mashhur ishlari — “Karnaval kechasi” komediyasidagi ma'ruzachi Nikodilov va Leonid Gaydayning “12 stul” filmidagi Kisa Vorobyaninov rollaridir. Filippov o'zining so'nggi rolini ham aynan shu rejissyorning “Xususiy izquvar yoki 'Kooperatsiya' operatsiyasi” filmida urush faxriysi obrazida o'ynagan.
Sergey Filippov umrining oxirgi yillarini qashshoqlikda o'tkazdi deb bo'lmaydi. Uning shaxsiy kvartirasi, uzoq yillar davomida yig'gan katta kutubxonasi, yaxshi ko'rgan rasmlari va qimmatbaho mebellari bor edi. Biroq qarigan chog'ida rollar kamayib ketgani sababli daromadidan asar ham qolmagandi. Uyidagi jihozlarni sotishni esa aktyor na uddalay olar, na bunga g'ururi yo'l qo'yardi.
Umrining oxirgi yigirma yilini Filippov saraton kasalligi bilan kurashib o'tkazdi, bu esa katta xarajatlarni talab qilar va kundalik hayotini qiyinlashtirar edi. Buning ustiga xotini vafot etgach, u butunlay yolg'izlanib qoldi va odamlardan uzoqlashdi. U olamdan o'tganidan keyin, chorak asr davomida u mehnat qilgan “Lenfilm” kinostudiyasi rahbariyati uning dafn marosimiga pul ajratmadi. Vaziyatni aktyor Aleksandr Demyanenko qutqarib qoldi. U Filippovni taniydigan hamkasblaridan pul yig'ib, unga kamtarona dafn marosimini uyushtirdi.
G'ayrioddiy darajada kelbatli va kelishgan aktyor Aleksey Katishev 18 yoshida Aleksandr Rouning “Olov, suv... va mis quvurlar” ertak-filmida suratga tushib, butun Sovet Ittifoqiga tanildi. Katishev syomka maydonidan to'g'ri armiyaga ketdi. Biroq ko'k ko'zli, samimiy va ochiqko'ngil yigitcha rejissyor Rouga shunchalik yoqib qolgan ediki, u yigit uchun armiyada maxsus sharoit qildirib berdi. Bu sharoit unga harbiy xizmat bilan birga yanada mashhur bo'lgan “Go'zal Varvara” ertagida suratga tushish imkonini berdi.
Rouning navbatdagi rejasi “Finist — sarlochin” ertak-filmi bo'lib, u bosh rolda faqat Katishevni ko'rayotgan edi. Ammo 1973-yil dekabrida rejissyor vafot etdi. Loyihani qo'liga olgan yangi rejissyor Gennadiy Vasilyev esa Finist roliga baquvvatroq va jiddiyroq ko'ringan Vyacheslav Voskresenskiyni oldi. Boshqa rejissyorlar ham Aleksey Katishevni o'zlari qidirib kelishmadi, vaholanki u o'zi borib rollar so'rab ko'rdi.
Oilasini boqish uchun sobiq aktyor yuk mashinasini haydashni o'rganib, sut zavodiga ishga kirdi. Amalga oshmagan orzulari va armonlari Katishevni ichkilikka berilishiga sabab bo'ldi, bu esa oxir-oqibat oilasining buzilishiga olib keldi. U Yaltaga, onasining uyiga ko'chib o'tdi, biroq tez orada firibgarlar tuzog'iga tushib, kvartirasidan ham ayrildi. Bu vaqtga kelib Sovet Ittifoqi tarqab ketgan, yangi Ukraina hukumatiga esa bir paytlar mashhur bo'lgan aktyorning qizig'i yo'q edi. Umrining so'nggigacha ham fuqarolik ro'yxatidan o'ta olmadi. Busiz esa uni hech qayerga ishga olishmasdi. 2006-yil noyabr oyida uydagilar bilan ichib mushtlashgani sababli kaltaklangan Aleksey Katishev Yalta shifoxonasiga olib kelindi. Tekshiruvlar sobiq aktyorda ko'plab og'ir kasalliklar borligini ko'rsatdi, ammo davolanishga uning puli yoq edi. Shifoxonaga yotqizilganidan ikki kun o'tib, Katishev vafot etdi.
Sergey Filippov kabi Borislav Brondukov ham kichik, ba'zan bir necha daqiqalik epizod rollari bilan yulduzga aylangan edi. Biroq rolining kichikligi aktyorning ekranda yorqin va unutilmas qiyofa yaratishiga xalaqit bera olmasdi. “Sherlok Xolms va doktor Uatsonning sarguzashtlari” filmidagi maqtanchoq inspektor Lestreyid va “Afonya”dagi ichuvchi Fedul obrazlari shular jumlasidandir. Shu bilan birga, aktyor nutqida ukrain shevasi juda kuchli bo'lgani uchun uning yuzdan ortiq rollaridan qariyb qirqtasiga boshqalar ovoz bergan.
Brondukov 1960-yillarning boshidan boshlab tinimsiz filmlarda suratga tushdi va SSSR parchalanganidan keyin ham ekranlarda ko'rinish berdi. To'g'ri, 1990-yillarda unga tobora mayda va ahamiyatsiz rollar tegardi, chunki aktyorning sog'lig'i yaxshi emasdi. U o'zining birinchi insultini 1984-yilda, 46 yoshida syomka maydonchasida o'tkazgan. 1993-yilda sodir bo'lgan navbatdagisi aktyorning sog'lig'iga jiddiy putur yetkazdi. 1997-yilgi uchinchi insultdan keyin esa butunlay to'shakka mixlanib qoldi.
Davolanish uchun juda ko'p pul kerak bo'lgani uchun oilaning moliyaviy ahvoli og'irlashdi, chunki rafiqasi Yekaterina eriga qarash uchun ishini tashlashga majbur bo'lgandi. Oila tom ma'noda och qoldi. Brondukovning kenja o'g'li Bogdan tanish qassobdan “itlarimizga beramiz” deb suyaklar so'rab kelar, keyin esa oila o'sha suyaklardan sho'rva qaynatib ichishardi. Uzoq davom etgan kasallikdan so'ng, bir paytlar juda mashhur bo'lgan aktyor 2004-yil 10-martda dunyodan o'tdi.
Qashshoqlik va yetishmovchilik har doim ham hayotdagi omadsizliklar ortidan kelavermaydi. Mashhur aktyor, SSSR xalq artisti Georgiy Vitsin o'z ixtiyoriga ko'ra sodda va kamtarona hayot kechirishni tanladi.
Georgiy Vitsin Sovet Ittifoqining eng taniqli yulduzlaridan biri edi. O'ziga xos ovozi va tashqi ko'rinishi tufayli u kinoda ko'pincha ichuvchilar rolini o'ynagan, vaholanki o'zi hayoti davomida bir tomchi ham spirtli ichimlik ichmagan va tamaki chekmagan. Vitsin yoga bilan shug'ullangan va keksayib qolganida ham ancha yosh ko'rinardi. U kino va radioda 300 dan ortiq obrazlarni yaratgan. Sog'lom turmush tarzi sababli aktyor 84 yoshgacha yashadi va umrining so'nggi kunlarigacha Kinoaktyorlar teatr-studiyasi truppasida xizmat qildi. U hatto og'ir 1990-yillarda ham ishsiz qolgani yo'q. Shunga qaramay, o'ta kamtarona hayot kechirdi.
Uni yaqindan taniganlarning eslashicha, Vitsin va “boylik” tushunchasi bir-biriga mutloq begona edi. Hatto u xizmatlari evaziga davlat tomonidan berilgan Moskva markazidagi shinam kvartirani qiziga sovg'a qildi, o'zi esa oddiy, eski eski ko'p qavatli xonadonda yashadi. Kiyinish borasida Vitsin qimmatbaho matolar yoki urfdagi fasonlarga berilmadi, har doim oddiylik va qulaylikni qadrladi. Shuningdek, aktyor intervyu berishdan qochardi va buni mutlaqo keraksiz deb hisoblardi. Begona odamlar bilan gaplashmaslikni ma'qul ko'rib, minglab muxlislari qurshovidan ko'ra ko'chadagi qushlar va daydi itlarni ovqatlantirishni afzal bildi.
Manba: Daryo.uz




