“Barselona” 80 million yevrolik transferdan voz kechdi
“Barselona” rahbariyati “Sporting” hujumchisi Luis Suaresning shartnomasida tovon puli sifatida ko'rsatilgan 80 million yevroni to'lamoqchi emas. Kataloniyaliklar bu narxni haddan tashqari qimmat deb hisoblamoqda. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma'lum qildi.
Manbaga ko'ra, Portugaliya klubi ham narx borasida yon bosmoqchi emas va shu orqali kolumbiyalik hujumchini jamoada olib qolishdan umidvor.
Avvalroq Romano “ko'k-anorranglilar” Suares nomzodini “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvares transferi o'xshamay qolgan taqdirda, zaxira varianti sifatida ko'rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq kataloniyaliklar bu transferdan ham voz kechishga qaror qildi.
Ma'lumot uchun, o'tgan mavsumda Suares barcha turnirlar doirasida jami 53 ta o'yinda maydonga tushib, 38 ta gol va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Hujumchining Lissabon klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portaliga ko'ra, uning hozirgi bozor qiymati 30 million yevroni tashkil etadi.
Manba: Daryo.uz




