“Bavariya” o'z aksiyalarining 5 foizini 250 million yevroga sotishi mumkin

“Bavariya” o'z aksiyalarining 5 foizini 250 million yevroga sotishi mumkin

“Bavariya” klubi o'z tarixidagi yirik moliyaviy kelishuvlardan birini amalga oshirish arafasida. Sport1 nashri xabariga ko'ra, Myunxen klubi rahbariyati “Bavariya” aksiyalarining 5 foizini isitish va sovitish tizimlari ishlab chiqaruvchi Germaniyaning “Viessmann” kompaniyasiga sotishni rejalashtirmoqda.

Agar bitim muvaffaqiyatli yakunlansa, mazkur kelishuv klubga taxminan 250 million yevro daromad keltiradi. Tomonlar bu kelishuvni hali rasman e'lon qilmadi. Shuningdek, klub hisobiga tushadigan 250 million yevro aynan nimalarga sarflanishi ham noma'lum.

“Viessmann” kompaniyasi mazkur xaridni amalga oshirsa, “Bavariya”ning yirik aksiyadorlari qatoriga qo'shiladi. Myunxen klubi avval ham o'z aksiyalarining ma'lum qismini yirik kompaniyalarga sotgan bo'lib, hozirda “Allianz”, “Adidas” va “Audi” brendlari klubning 8,33 foizdan ulushiga egalik qiladi.

Ma'lumot o'rnida, joriy yilning fevral oyida “Viessmann” va “Bavariya” o'zaro hamkorlik shartnomasini muddatidan avval 2029-yilgacha uzaytirgan edi. Shuningdek, tomonlar “Allianz Arena” stadionining energiya tejamkorligini oshirish bo'yicha qo'shma loyiha ustida ham ish olib bormoqda.