Superliga. “Andijon” safarda “Mash'al”ni mag'lub etdi

Superliga. “Andijon” safarda “Mash'al”ni mag'lub etdi

Futbol bo'yicha O'zbekiston Superligasining 18-turi doirasida navbatdagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Muborakning “Mash'al” jamoasi G'uzordagi “Markaziy” stadionida “Andijon” klubini qabul qildi.

Qiziqarli va kurashlarga boy kechgan o'yin mehmonlarning kichik hisobdagi g'alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol ikkinchi bo'lim boshida, aniqrog'i 53-daqiqada andijonliklar a'zosi Po'latxo'ja Xoldorxonov tomonidan kiritildi — 0:1.

O'yinning qolgan qismida darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi va qulay hisobni ushlab qolgan “Andijon” jamoasi safardan muhim 3 ochko bilan qaytadigan bo'ldi.

Mazkur natijadan keyin “Andijon” hisobidagi ochkolar soni 24 taga yetdi va jamoa turnir jadvalida 9-pog'onani band etib turibdi. “Mash'al” esa 4 ochko bilan oxirgi o'rinni egallab turibdi.

O'zbekiston Superligasi, 18-tur

“Mash'al” — “Andijon” 0:1

Gol: 0:1 — Xoldorxonov (53).