Musiala ikkinchi marta maydonda hushidan ketdi. Aslida muammo nimada?

Musiala ikkinchi marta maydonda hushidan ketdi. Aslida muammo nimada?

“Bavariya” futbolchisi Jamol Musiala “Haydenhaym”ga qarshi o'yinda yana hushidan ketdi. Futbolchi bir necha kun oldin “Leypsig”ga qarshi bellashuvda ham xuddi shunday holatga tushib qolgan edi. Voqeadan so'ng u Instagram ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida muxlislarga murojaat qilib, o'zining sog'lig'i borasida batafsil ma'lumot berdi.

“Men bilan hammasi joyida. Xabarlaringiz va qo'llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizdan juda minnatdorman! Ko'pchiligingiz xavotirda ekaningizni tushunib turibman. Xavotirlaringizni tarqatib, ba'zi narsalarga oydinlik kiritmoqchiman. Menda nevrologik disfunksiya tufayli yuzaga keladigan, qisqa muddatli, ammo oson davolanadigan kasallik aniqlangan. Bu narsa 'Leypsig' yoki 'Haydenhaym'ga qarshi o'yinlardagiga o'xshash vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. To'g'ri, bu biroz xavotirli eshitilishini bilaman. Ammo hozirda bu mening kundalik hayotimning bir qismiga aylangan. Ayni paytda tibbiy yordam olyapman va bunga juda optimistik ruhda qarayapman. 'Bavariya' va atrofimdagi insonlar bu yo'lda meni to'liq qo'llab-quvvatlashmoqda”, deb yozadi Musiala.

Shuningdek, germaniyalik futbolchi ayni vaqtda o'zini umumiy hisobda yaxshi his qilayotganini va bu mavzu ortiqcha muhokama qilinishni istamasligini ta'kidlagan:

“Umuman olganda, o'zimni juda yaxshi his qilyapman. Menga eng katta yordam beradigan narsa — bu sizning qo'llab-quvvatlashingiz ostida jamoam bilan birga g'alabalar va sovrinlarni qo'lga kiritishda davom etishdir. Bu xabarim orqali vaziyatni yaxshiroq tushunib oldingiz, degan umiddaman. Shu bilan birga, sizlardan to'g'ri tushunishingizni so'ragan holda, bu mavzuni bundan buyon faqat eng yaqin insonlarim, klub va mutaxassislar doirasida qoldirishni istardim. Barchaga katta rahmat!”

Ma'lumot uchun, Jamol Musiala 2020-yildan beri “Bavariya” sharafini himoya qilib keladi. Futbolchi bu vaqt davomida nemis klubi safida jami 231 ta uchrashuvda ishtirok etib, o'z hisobiga 69 ta gol va 45 ta golli uzatma yozdirib qo'ygan.