WBC reytingi yangilandi: o'zbekistonlik bokschilar nechanchi o'rinlardan joy olgani ma'lum bo'ldi

WBC reytingi yangilandi: o'zbekistonlik bokschilar nechanchi o'rinlardan joy olgani ma'lum bo'ldi

Butunjahon boks kengashi (WBC) professional bokschilarning avgust oyi yakunlariga ko'ra yangilangan reytingini e'lon qildi. E'tiborli tomoni shundaki, ushbu ro'yxatdan turli vazn toifalarida ishtirok etayotgan umumiy 11 nafar o'zbekistonlik charm qo'lqop ustasi o'rin oldi.

Yaponiyalik Naoya Inoue mutlaq chempion hisoblangan birinchi yarim yengil vazn (-55,2 kg) toifasida Murodjon Ahmadaliyev uchinchi o'rinni band etib turibdi. Ushbu diviziondagi yana bir o'zbekistonlik bokschi Muhammad Shexov esa 12-pog'onadan 11-o'ringa ko'tarildi. Yengil vazn (-61,2 kg) toifasida professional ringda umuman mag'lubiyatga uchramagan Sirojbek Ismoilov (11 ta jang, 11 ta g'alaba, 8 tasi nokaut) reytingda 16-o'rinda qayd etildi.

Birinchi yarim o'rta vazn toifasida (-63,5 kg) birdaniga uch nafar bokschi reytingdan joy olgan: Mujibillo Tursunov 27-o'rinda, Shohjahon Ergashev 31-o'rinda hamda Ruslan Abdullayev 34-pog'onada bormoqda. Super yarim o'rta vaznda (-69,9 kg) esa Isroil Madrimov 8-o'rinni egalladi.

Super o'rta vaznda (-76,2 kg) so'nggi jangida ganalik Sena Agbekoni mag'lub etib, WBA qit'alararo kamarini himoya qilgan Bektemir Meliqo'ziyev bu safar bir pog'ona pastlab, 6-o'ringa tushdi.

Super og'ir vazn toifasida (+101,6 kg) Bahodir Jalolov 13-o'ringa tushdi. U professional boksda 18 ta jang o'tkazib, barchasida muddatidan oldin g'alaba qozongan. U Manchesterda o'tgan so'nggi jangida xorvatiyalik Agron Smakichini nokautga uchratgandi. Lazizbek Mullajonov esa 24-o'ringa ko'tarildi.