O'zbekiston Argentinaga qarshi o'rtoqlik o'yini o'tkazadimi?

O'zbekiston Argentinaga qarshi o'rtoqlik o'yini o'tkazadimi?

O'zbekiston milliy terma jamoasi senyabr va oktaybr oylaridagi FIFA kunlarida Argentina terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Hozircha bu ma'lumot mahalliy futbol mutasaddilari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Ambito nashriga ko'ra, 2026-yilgi Jahon chempionati finalida Ispaniyaga imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo'lga kiritgan Argentina terma jamoasi kuzda Osiyoga safar uyushtirishni rejalashtirmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, 21-sentyabrdan 6-oktyabrgacha (16 kun) davom etadigan FIFA kunlar doirasida argentinaliklar uchta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Ulardan ikkitasi Xitoyda Osiyo jamoalariga qarshi o'tkazilsa, uchinchi o'yin Argentinaning o'zida (katta ehtimol bilan Urugvayga qarshi) bo'lib o'tadi.

Garchi Argentina terma jamoasining Xitoydagi yig'ini davomida qaysi terma jamoalarga qarshi maydonga tushishi hali rasman e'lon qilinmagan bo'lsa-da, katta ehtimol bilan terma jamoalardan biri Xitoy bo'ladi.

Nashrning qo'shimcha qilishicha, ushbu Osiyo turnesida jamoa sardori Lionel Messining ishtirok etishi kutilmoqda. Uning maydonga tushishi Xitoydagi yirik tijoriy shartnomalarning amalga oshishida hal qiluvchi omil hisoblanadi. Shuningdek, mazkur yig'in amaldagi bosh murabbiy Lionel Skaloni uchun JCH-2030 oldidan tarkibni yangilash jarayonini boshlab berishi aytilmoqda.