Fabrisio Romano tanqidlar ostida qoldi
Futbol transferlari haqidagi tezkor xabarlari bilan tanilgan italiyalik insayder Fabrisio Romanoning faoliyati so'nggi paytlarda qizg'in muhokama va jiddiy e'tirozlarga sabab bo'lmoqda. Xabarlarga ko'ra, Yevropaning ayrim nomdor klublari uning qo'ng'iroqlariga javob berishdan bosh tortmoqda.
Bunga Romanoning transfer bozorini yoritish uslubi, ba'zida tasdiqlanmagan ma'lumotlarni tarqatishi va nozik muzokaralar jarayoniga aralashuvi sabab qilib ko'rsatilmoqda. Ayrim muxlislar hamda mutaxassislar uning xabarlari ishonchliligiga shubha bildirib, uni professional jurnalistdan ko'ra ko'proq “bloger” sifatida qabul qila boshlagan.
Yaqinda germaniyalik taniqli jurnalist Florian Plettenberg Romanoni Yan Diomandening “Real”ga o'tishi bo'yicha hujjatlar to'liq hal etilmasdan turib, transferni yakunlangan deb e'lon qilgani uchun ochiqchasiga tanqid qildi. Avvalroq Mark Gexi, Joau Pedro va Florian Virts bilan bog'liq vaziyatlarda ham shoshqaloqlikka yo'l qo'yilgani qayd etilgan edi.
Katta auditoriyaga ega ekanligi sababli Romanoning xatolari tezda jamoatchilik e'tiboriga tushadi. Xususan, 2023-yilda Turkiyadagi zilzila vaqtida marhum futbolchi Kristian Atsuning qutqarilgani haqidagi noto'g'ri ma'lumotning tarqatilishi jiddiy rezonans keltirib chiqargan. Bu holat tezkorlikni aniqlik va faktlarni tekshirishdan ustun qo'yishning salbiy oqibati sifatida baholangan.
Shunga qaramay, Romanoning futbol olamidagi ta'siri hamon juda katta. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni ko'plab klublarnikidan ham ko'p. Shu sababli, agentlar va jamoalar uning sahifalaridan transferlarni ommaga e'lon qilishda samarali vosita sifatida foydalanib kelmoqda.
Ma'lumot o'rnida, Fabrisio Romano bir necha kun avval o'zining mashhur “HERE WE GO” iborasidan foydalanishni to'xtatmoqchi ekanini va yozgi transfer oynasi yopilgach, o'zining kelgusi rejalari haqida batafsil ma'lumot berishini aytib o'tgan edi.
Manba: Daryo.uz




